Breaking News

O'zbekistondagi vaziyatga turlicha baho berilmoqda


Yaqinda O’zbekistonga safar qilgan “Nyu-York Tayms” muxbiri Sabrina Tavernis respublikadagi vaziyat haqida katta maqola yozgan. U Andijonga borgani va u yerdagi voqealardan uch yil o’tib mamlakatda sezilarli siyosiy islohotlar amalga oshirilmagani haqida bayon qiladi.

Maqolaga ko’ra, G’arb o’tgan yildan boshlab O’zbekistonga bosimini susaytira borgan. Inson huquqlari faollari “Nyu-York Tayms” muxbiriga bundan ranjiganini aytishgan. Xususan “Birlik” harakati a’zosi Vasila Inoyatova so’zlariga qaraganda “O’zbekistonda ahvol yaxshi deyish Bag’dodda hammayoq tinch deyish bilan teng”.

Karimov hukumati bilan muloqot qilish siyosati tarafdorlariga ko’ra, sanksiyalar O’zbekistonga bo’lgan bosimning zaiflashishiga olib keladi. Ismini oshkor etishni istamagan g’arb diplomatlaridan birining so’zlarini keltirar ekan, gazeta O’zbekiston muhim davlat va uni inkor etib bo’lmaydi, xalq tashqi dunyo bilan aloqada bo’lishni istaydi, deb yozadi.

Inqirozlarni o’rganish xalqaro guruhi tahlilchisi Pol Kvin Jajning aytishicha, Karimov hokimiyatni qo’ldan chiqaradigan va jamiyatda siyosiy islohotlarga yo’l beradigan siyosatchi emas.

Biroq inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti vakili Andrea Berg fikricha, sanksiyalarsiz rasmiy Toshkent inson huquqlarini yaxshilamaydi.

“Nyu-York Tayms”da yozilishicha, O’zbekiston aholisini siyosiy vaziyatdan ko’ra iqtisodiy ahvol ko’proq tashvishga soladi. Gazetaga intervyu bergan Toshkentda yashayotgan yevropaliklardan biriga ko’ra, O’zbekistonni Shimoliy Koreya bilan taqqoslab bo’lmaydi.

“Respublikada huquqlar har qadamda buzilayotgani yo’q”, deydi u.

Amerikalik tahlilchi Marta Olkot O’zbekistonda diniy kayfiyat kuchaymoqda va mamlakat islomiy davlatga aylanishi mumkin degan fikrda.


Gudzon tahlil instituti mutaxassisi Richard Vaysning Vashingtondagi diplomatlarga axborot ulashadigan “Diplomatic Traffic” Internet sahifasiga yozgan maqolasida O’zbekiston-Qozog’iston aloqalarini tahlil qiladi.

Vaysning aytishicha, O’zbekiston Qozog’istonning mintaqa integratsiyasiga qaratilgan takliflarini inkor etib keladi. Buning zaminida azaliy o’zbek-qozoq raqobatchiligi yotadi. Natijada ikkitomonlama aloqalar to’liq rivojlanmayapti, deb yozadi tahlilchi.

Bir qozog’istonlik tadbirkorning maqola muallifiga aytishicha, O’zbekistonda sarmoyadorlar uchun muhit ko’ngildagidek emas.

O’tgan oy oxirida Ostonaga tashrif buyurgan Islom Karimov Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv chog’ida O’zbekiston Markaziy Osiyo Davlatlari Ittifoqiga qo’shilishga tayyor emas degan.

Richard Vays fikricha, bunga bir necha sabab ko’rsatish mumkin. Birinchidan, Karimov shu paytgacha tuzilgan ittifoq va tashkilotlardan foyda ko’rmagan. Ikkinchidan, deb yozadi mutaxassis, Nazarboyev bilan mintaqa yetakchiligi uchun raqobat qilayotgan Karimov qo’shnisi olg’a surgan tashabbuslarga shubha bilan qaraydi.

XS
SM
MD
LG