Breaking News

Barak Obama - demokratlardan prezidentlikka nomzod


AQShda prezident saylovlariga demokratlardan yagona nomzod aniqlandi. AQSh tarixida ilk bor qora tanli nomzod asosiy saylovlarda ishtirok etadi. Kecha Montana va Janubiy Dakota shtatlaridagi so’nggi partiyaviy saylovlar natijalariga ko’ra, Barak Obama yetarli delegat ovozlariga ega bo’ldi.

Nomzod bo’lish uchun da’vogar 2,118 delegat ovozini qo’lga kiritishi kerak. Kechagi saylovlardan so’ng Obama marradan deyarli 40 ta qo’shimcha delegat ovozi bilan o’tdi. Obama Montanada, Klinton esa Janubiy Dakotada g’alaba qozondi.

"Bugun biz bitta tarixiy davrni yakunlab, Amerika uchun yaxshi kunlarni olib keladigan yangi davrni boshlamoqdamiz," dedi Obama.

Uning raqibi senator Xillari Klinton mag’lubiyatini tan olgani yo’q.

"Saylov kampaniyasi uzoq davom etdi. Oldimizda yangi vazifalar turibdi. Biroq bugun qarorimni chiqarmayman," dedi u.

Ko’pchilikni hozirda qiziqtirayotgan eng katta savol “Obama Xillari Klintonni o’ziga vitse-prezidentlik uchun nomzod qilib oladimi?” Ayrim manbalarga ko’ra, Klinton bunga qarshi emas.

4 noyabrda bo’ladigan saylovlarda 46 yoshli Obamaning asosiy raqibi respublikachilar nomzodi 71 yoshli senator Jon Makkeyn bo’ladi.

Uning aytishicha, saylovlarni kim yutishidan qat’iy nazar Amerika katta o’zgarishlarga yuz tutadi.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, agar saylovlar bugun o’tkazilsa, Obama Makkeynni uch foiz farq bilan mag’lub etgan bo’lardi.

Barak Obamaning tarjimai holiga qisqacha to’xtaladigan bo’lsak, otasi qora tanli keniyalik, onasi esa oq tanli amerikalik. Yoshligining bir qismini Indoneziyada o’tkazgan. Kolumbiya va Garvard kabi yirik universitetlarda huquqshunoslikdan ta’lim olgan. 2004 yildan beri AQSh senatori.

XS
SM
MD
LG