Breaking News

Rossiya ichki siyosatida o'zgarishlar kutilmoqda


Tataristonning 71 yoshli rahbari Mintemir Shaymiyev regional hokim va muxtoriyat prezidentlarini xalq tomonidan saylash tarafdori. 2004 yilda Vladimir Putin gubernatorlarni endi prezident tayinlaydi deb qaror qilgan edi.

Siyosiy tahlilchi Vladimir Belyayev fikricha mamlakatda Kreml jilovidan chiqishga urinayotgan siyosiy doiralar bor. Tatariston rahbari, deydi u, demokratik o’zgarishlarga chaqirmayapti, balki o’z o’rnidan xavotirda.

Dmitriy Medvedev respublikaga yoshroq rahbarni tayinlab, Shaymiyevning 17 yillik hokimiyatiga yakun yasashi mumkin.

“Tataristonda bugun iqtisodiy vaziyat yaxshi emas. Kreml buni biladi va vaziyatni o’nglash uchun zamon talabini tushunadigan, zamonaviy fikrlaydigan, kompyuter texnologiyalardan xabardor odamni olib kelishi mumkin”,- deydi Belyayev.

Vladimir Putin 2004 yilda Beslan fojiasidan so’ng gubernatorlarni xavfsizlik borasida loqaydlikda ayblab, ularning xalq tomonidan saylanishini bekor qilgan edi. Beslanda chechen jangarilar bir maktabni garovga olgan va qamal 300 ga yaqin bolaning o’limi bilan tugagan edi. Hozirgi tartibga binoan Rossiya prezidenti tanlagan rahbarni quvvatlamagan mahalliy parlament tarqatib yuborilishi mumkin. Xullas, Putin hokimiyatni markazlashtirgan.

Yana bir siyosiy tahlilchi Aleksey Malashenko esa Putinning bu qarori xato bo’lgan, endi Mintemir Shaymiyev uni to’g’rilamoqchi deydi. Biroq Kremlga qarab murojaat qilganda ehtiyot bo’lishi lozim, deydi Malashenko.

“Rossiyadagi qo’sh-hokimiyatchilikni hisobga olganda, Shaymiyev kimga murojaat qilayotganini anglash qiyin. Putinga aytib uni o’z xatosini tan olishga undayaptimi yoki Medvedevning qaror qabul qila olish salohiyatini sinovdan o’tkazmoqchimi? Shaymiyev juda aqlli va ko’pni ko’rgan rahbar, behudaga gapirib o’tirmaydi”,- deydi Malashenko.

“Kommersant” gazetasining yozishicha, shu kunlarda Kreml regional rahbarlarni xalq ovozi bilan saylash kerakmi yoki ularni Moskva tayinlasinmi deya bosh qotirmoqda. O’z ismini oshkor qilmagan Kreml rasmiysiga ko’ra, Medvedev hokimlarni saylash fikriga qarshi emas.

XS
SM
MD
LG