Qozog’iston hukumati va xorij neft kompaniyalaridan iborat guruh (Eni, Royal Dutch Shell, Exxon Mobil, Total va Conoco-Phillips) 2013 yilda Kaspiy Dengizida qora oltin qazib olishga kelishib olgan.
Hududdagi Qashag’an konida 36 milliard barrel neft bor deya taxmin qilinadi. Kondan kuniga 1 million barrel qora oltin olish mumkin.
Loyiha 2005 yilda boshlanishi kerak edi, biroq ekologik muammolar va xarajat borasidagi kelishmovchilik tufayli 2007-2008 yillarga qoldirilgan.
O’tgan yili xorij kompaniyalari qazish ishlarini yana bir bor kechiktirishga qaror qilgan. Qozog’iston hukumati xorij kompaniyalarining harakatlaridan norozi bo’lib, loyihani vaqtincha to’xtatgan va konsortsium a’zolariga jarima solgan edi. Bu davr ichida loyiha bilan bog’liq kirim-chiqim hisobi 57 milliarddan 136 milliard dollarga oshgan.
Qashag’an koni oxirgi 30 yil ichida topilgan eng yirik neft konlaridan biri sanaladi.
Tahlilchilar fikricha, g’arb kompaniyalari Qozog’iston bilan hamkorlikdan manfaatdor. Chunki bu hamkorlik neft va gaz borasida Rossiyaga tobelikni yumshatishi mumkin.
Qozog’iston esa Qashag’an konini xorij yordamisiz eplay olmaydi, kon juda noqulay hududda joylashgan.