Breaking News

Afg'onistonda xavfsizlik kuchlariga xurujlar ko'paygan


Afg’onistonda suiqasd xuruji oqibatida kamida 24 kishi o’lgan. Aksariyati oddiy fuqarolar. Hodisa janubdagi Uruzgon viloyatida sodir bo’lgan. Afg’oniston rasmiylariga ko’ra, mahalliy bozor orqali o’tib ketayotgan politsiya kolonnasi nishonga olingan.

Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Zamari Basharining Amerika Ovoziga aytishicha, xurujda bir necha politsiyachi o’lgan, ammo tinch aholi orasida talofat undanda katta. Ko’p bolalar o’lgan. 40 qa yaqin kishining yaralangani haqida xabar qilinmoqda.

Ko’plab odam kasalxonaga yetkazilgan. Ayrimlarining ahvoli og’ir. Qurbonlar soni o’sishi haqida aytilmoqda. Hukumat xurujda Tolibonni ayblamoqda.

Boshqa xabarlarga ko’ra, mamlakat sharqida parlament a’zosi Abdul Vali va haydovchisi o’g’irlab ketilgan. Kunor viloyatida esa 100 ga yaqin jangari yaqinda qurilgan bazaga hujum qilib to’qqiz nafar amerikalik askarni halok qilgan. 15 harbiy yaralangan.

”Vashington Post” gazetasiga ko’ra, jangarilar uy, masjid va do’konlar ichidan turib hujum qilgan.

NATO so’zlovchisi Mark Leytining aytishicha, toliblar bazaga kirishga uringan, ammo qattiq qarshilikka uchrab, katta talofat ko’rgan.

Janubdagi Hilmand viloyatida ham so’nggi ikki kun davomida to’qnashuvlar kuzatilgan. 40 qa yaqin jangarining yo’q qilingani aytilmoqda. So’nggi ikki oy ichida esa 400 dan ziyod tolib o’ldirilgan.

Yil boshidan beri mahalliy va xorijiy xavfsizlik kuchlariga xurujlar ko’paygan.

Shanba kuni AQSh admirali Maykl Myullen Pokiston prezidenti Parvez Musharraf bilan uchrashib, mamlakat hududida qo’shni Afg’onistonga o’tayotgan jangarilar ko’payayotganidan xavotir bildirgan.
XS
SM
MD
LG