Breaking News

Eron AQSh yangi prezidenti yangi siyosat yuritishini kutmoqda


Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod so’zlariga ko’ra uning mamlakati yadro dasturi bo’yicha pozitsiyasini yumshatishi mumkin – agar AQSh Eronga nisbatan siyosatini tubdan o’zgartirsa.

Oq uy ushbu bayonotga shubha bilan qaramoqda. AQSh-Eron munosabatlariga aniq ta’rif berish qiyin, deydi tahlilchilar.

Eron bilan muzokara qilmaymiz deb oyoq tirab kelgan Qo’shma Shtatlar, yaqinda Jenevega bosh diplomatlaridan birini yo’lladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Eronga iqtisodiy yordam va imtiyozlar taklif qilingan.

AQSning NBC telekompaniyasi bilan suhbatda, Eron rahbari Mahmud Ahmadinejod bu qadamlarni ehtiyotkorona olqishlagan.

“AQShning Eronga munosabati haqiqatdan ham o’zgarib, o’zaro hurmat, hamkorlik va adolatga asoslanadimi”, - deb so’ramoqda Ahmadinejod.

Biroq hamma gap shundaki, Eronning yadro dasturi yuzasidan muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Mamlakat rasmiylari G’arb takliflariga javob berganicha yo’q.

Tahlilchi Ken Katzman fikricha Eron AQShda yangi prezident saylangach, siyosat o’zgarishini va ehtimol yangi sanksiyalar muhokamasi ham keyinga qoldirilishini kutmoqda.

Bundan tashqari, deydi Katzman, Eron hukumatida G’arb bilan murosa qilishni ma’qul ko’rayotgan mo’tadil siyosatchilar bor.

Eron yaqinda uranni boyitish dasturini yanada kengaytirgan. Dastur ortidagi asl maqsad – yadro quroli ishlab chiqarish deya taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG