Breaking News

Yoshlar Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga jalb qilinmoqda


Yaqin Sharq aholisining uchdan ikki qismini 30 yoshgacha bo'lganlar tashkil qiladi. Ular mintaqada jiddiy kuchga aylanmoqda. Yaqinda AQShning ikki tashkiloti homiyligida arab va amerikalik talabalar Yaqin Sharqdagi anjumanlarga taklif etildi. Vashingtonda ham siyosatchilar bilan uchrashib arab dunyosida demokratik islohotlar mavzusida o'z o'y-qarashlarini bildirdilar.

Tashabbus "Yaqin Sharq demokratiyasi" loyihasi doirasida amalga oshirilgan. Undan maqsad - AQSh va Yaqin Sharq yoshlari o'rtasida muloqotni kuchaytirish va AQSh tashqi siyosatining Yaqin Sharqdagi jarayonlarga ta'sirini o'rganish.

Yil boshida 150 ka yaqin yoshlar Marokash, Misr va Iordaniyaga borishga muyassar bo'ldi. Mintaqada siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda Qo'shma Shtatlar qanday hissa qo'shishi mumkinligi haqida o'z tavsiyalarini tayyorlab, Vashingtonda AQSh qonunchilari, siyosatchilari va prezidentlikka nomzodlar demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn bilan uchrashdi.

Ingliz tili o'qituvchisi Emili Krouford Iordaniyaga borgan yoshlardan.

"U yerdagilarning mehmondo'stligi meni lol qoldirdi. Bizni diqqat bilan tingladilar, savolga tutdilar. Yaxshi muloqot bo'ldi," deydi Krouford.

Londondagi Iqtisodiyot va siyosatshunoslik maktabi aspiranti Dina Alshinnavi Qohiraga borgan.

Uning aytishicha, AQShda hokimiyat tepasiga yangi prezident kelgach mintaqaga nisbatan siyosatni o'zgartirishi kerak bo'ladi.

"Hozirgi samarasiz siyosatdan voz kechish zarur. Barcha narsani amerikachasiga qilishni talab qilgandan ko'ra, arab davlatlarida demokratlashtirish yo'lida ishlayotgan tashkilotlar va institutlarga yordam berish lozim," deydi Alshinnavi.

Misrlik Muhammad Sabah Qohira universietida magistraturani tamomlagan. U Obama va Makkeyndan Yaqin Sharqdagi siyosatni qayta ko'rib chiqishni so'ragan.

"AQShning yangi prezidenti Yaqin Sharqqa o'z manfaatlari doirasidagi mintaqa emas, hamkor sifatida qarashi kerak. Avvalambor arab-Isroil mojarosini hal qilish lozim, chunki bu - mintaqa xavfsizligining kaliti," deydi Muhammad Sabah.

Nyu-Yorkda jurnalistika va siyosatshunoslikni o'qigan amerikalik Erika Spat Marokashdagi anjumanda qatnashgan.

Uning fikricha, Qo'shma Shtatlar so'z va matbuot erkinligiga yordami bilan Yaqin Sharqda demokratiyaning kamol topishiga hissa qo'shishi mumkin.

"AQSh arab matbuotini qo'llab-quvvatlashi, arab jurnalistlari malakasini oshirishi, mintaqa hukumatlarini so'z erkinligiga changal solmaslikka da'vat etishi kerak," deydi Spat.

Yaqin Sharq davlatlaridagi anjumanlarni uyushtirishda yordam bergan loyiha rahbari Stiven Makinnerni fikricha, yoshlarning Vashingtonda bergan tavsiyalari izsiz ketmaydi.

"Biz tavsiya va takliflarning qanday qabul qilinayotganini nazorat ostiga olamiz. Siyosatchi va qonunchilar bilan aloqani uzmaymiz," deydi Makkinerni.

XS
SM
MD
LG