Breaking News

G'arb Gruziyadagi urushni to'xtatishga urinmoqda


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Gruziyadagi harbiy harakatlarni to’xtatish haqida farmon bergan. Lekin qo’shinlar hozirgi pozitsiyalarini tark etmaydi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida urushni bas qilish Gruziya qo’lida, ya’ni bu davlat Janubiy Osetiyadan o’z qurolli kuchlarini tamomila olib chiqib ketishi kerak.

Gori shahridan kelayotgan xabarlarga ko’ra bugun Rossiya jangovar samolyotlari hududni nishonga olgan. Yaralanganlar ko'p. Gori Tbilisidan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan va sobiq Sovet rahbari Iosif Stalin tug’ilgan shahar.

Gruziyadan ajralib chiqish uchun kurashayotgan Abxaziyada bo’lginchi kuchlar jangga kirgan.

Prezident Mixail Saakashvili mamlakat o’z demokratik tuzumini saqlab qolish uchun har narsaga tayyor demoqda. Saakashvili Rossiyani uni hokimiyatdan ag’darishga ahd qilganlikda ayblamoqda, lekin Kreml bunday maqsadda emasligini bayon qilgan. "Gruziya Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidan chiqadi va bu tashkilotga hech qachon qaytmaydi. Chunki bu sobiq ittifoqni qayta tiklashga urinayotgan Rossiya iznidagi tizim",- dedi Saakashvili Tbilisidagi omma oldida gapirar ekan.

Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bugun Moskvaga safar qilib, prezident Medvedevni Gruziya bilan tinchlik bitimi imzolashga ko’ndirish umidida. So’ngra u Tbilisiga yo’l oladi.

AQSh va Yevropa mojaroni diplomatik yo’llar bilan hal etish ustida ishlamoqda. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner, AQShning Kavkaz masalalari bo’yicha bosh diplomati Metyu Brayza va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiha yetakchilik qilayotgan Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Stubb urushga nuqta qo’yish uchun vositachilik qilmoqda.

Tbilisida esa bugun Rossiyaga qarshi ommaviy namoyishlar avj olgan. Gruziya xalqi, deydi namoyishchilar, xalqaro hamjamiyatdan uni Rossiya iskanjasidan qutqarishni, unga bosimni kuchaytirishni va uning demokratiyasini asrab qolish uchun chora ko’rishni so’raydi.

Nyu-Yorkda BMT qarorgohi oldida ham shunday chiqishlar kuzatilgan. BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiyaning Gruziyadagi harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya ustida ish ketmoqda. Rossiya, kengashning doimiy a’zosi, unga veto qo’yishi mumkin.

XS
SM
MD
LG