Breaking News

BMT: Gruziya-Rossiya mojarosi bo'yicha rezolyutsiya muhokamada


BMT Xavfsizlik Kengashi Gruziyadagi ahvol bo’yicha so’nggi bir necha kun ichida beshinchi majlisini o’tkazdi.

Fransiya taklif qilayotgan rezolyutsiya loyihasi mojarodagi tomonlarni harbiy harakatlarni to’xtatishga, Rossiya va Gruziya qo’shinlarini 6 avgustdan oldingi pozitsiyalariga qaytishga, Gruziya mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga rahna solmaslikka chaqiradi.

Fransiyaning BMTdagi elchisi o’rinbosari Jan-Pyer Lakruaning aytishicha, Yevropa Ittifoqi hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vositachilikni o’z qo’liga olishi kerak.

Rossiya elchisi Vitaliy Churkin nazarida rezolyutsiya haqida gapirishga hali erta. Rossiya rezolyutsiya loyihasini hozircha qabul qilmaydi, deydi u.

Kavkazdagi vaziyat AQSh-Rossiya aloqalarining taranglashishiga olib kelmoqda.

"Rossiya Janubiy Osetiyada tartibni tiklash haqida gapirgan xolos. Ammo Rossiya haqiqatdan ham Gruziyaning boshqa hududlariga hujum qilayotgan bo’lsa, mojaro chuqurlashadi", - deydi AQSh prezidenti Jorj Bush.

Bush fikricha suveren davlatni bosib olish, demokratik tamoyillar asosida saylangan hukumatni ag’darishga do’q-po’pisa qilish 21-asrga to’g’ri kelmaydigan hulq-atvor. "Rossiyaning shu haftadagi harakatlari uning Gruziya va mintaqada asl maqsadlari nimadan iborat ekani bo’yicha shubha tug’dirmoqda. Rossiya xalqaro sahnadagi obro’sini to’kdi. Uning AQSh va Yevropa bilan aloqalari zarar ko’rishi mumkin," deydi Bush.

Gruziya Yevropa tomonidan taklif qilinayotgan sulh bitimini qabul qilishga tayyor ekanini aytgan. Bush Rossiyani ham shunga chaqirmoqda. Ammo AQSh rahbari Kreml ushbu talablarni bajarmagan taqdirda qanday oqibatlar bilan yuzlashishi haqida hech narsa demagan.

Vashingtonlik tahlilchi Ariel Koenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Rossiya harakatlariga harbiy javob bera olmaydi."Biz askarlarimizni Gruziya uchun jon berishga yubora olmaymiz. Ammo boshqa tomondan Rossiyaning harakatlari diplomatiya vositasida to’xtatilmasa, “rus ayig’i” Sharqdan G’arbga neft va gaz uzatayotgan muhim quvurni ishdan chiqarishi mumkin," deydi tahlilchi.
XS
SM
MD
LG