Boku-Tbilisi-Jayhun quvuri - jahonning eng zamonaviy va uzun neft ta'minoti tizimlaridan biri.
1600 kilometrlik quvur Ozarbayjon neftini Rossiyani chetlab o’tgan holda Gruziya va Turkiya orqali G’arbga uzatadi.
3 milliard dollarlik quvur ikki yil burun ishga tushgan. Undan kuniga 850 ming barrel neft o’tadi. Neft Kaspiy dengizidan keladi.
Germaniyaning Kyoln shahrida yonilg’i masalalari bo’yicha tahlilchi Aleksandr
Vostmanning aytishicha, quvur na Rossiya va na Eron orqali o’tadi. Shu sabab
loyiha nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy tus ham olgan.
G’arbiy Yevropa neft va gazning asosiy qismini Rossiyadan oladi. Ammo strategik
sabablarga ko’ra, yonilg’i olishning muqobil yo’llarini ham izlagan.
Boku-Tbilisi-Jayhun quvuri AQSh hukumati yordamida G’arb tomonidan qurilgan.
Gruziyadagi mojaro hozircha quvurga zarar yetkazmagan. Shunga qaramay uning bir
qismi yopilib so’nggi bir necha kun ichida quvur orqali neft o’tmagan.
Ba’zi
mutaxassislar Rossiya harbiy harakatlari bilan raqobatga zarba bermoqda desa,
vashingtonlik mutaxassis Deyvid Kirsh fikricha, gap faqat yonilg’i haqida emas.
"Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziyadagi manfaatlarini himoya qilishga
urinmoqda. G’arbning yonilg’i bobidagi manfaatlarini nishonga olmagan",- deydi
Kirsh.
Gruziyadagi mojaroga qaramay neft narxi jahon bozorida so’nggi uch haftadan
buyon tushib bormoqda. Bunga asosiy sabab Shimoliy Amerika va G’arbiy Yevropada
neftga bo’lgan talabning keskin pasaygani ko’rsatilmoqda.