Breaking News

Millatchilik - Kavkazdagi mojaro zaminida yotgan omil


Gruziyadagi mojaro zaminida etnik, hududiy, siyosiy va madaniy sabablar yotibdi. Gruzinlar ham, osetinlar ham, ruslar ham bu hudud ustida tortishib keladi. Millatchilik kayfiyatlari mintaqada ziddiyatlarga sabab bo'lmoqda.

Kavkazda ko'p asrlar davomidagi migratsiya va demografik o'zgarishlar osetin va gruzinlarni adovat yo'liga solgan omillardan. Bu ikki xalq turli tillarda so'zlashadi. Osetinlar Gruziyaning o'zlari yashaydigan hududini Janubiy Osetiya deb atasa, Gruziya hukumati unga Sxinvali mintaqasi deb nom qo'ygan.

Tbilisidagi Strategik va xalqaro izlanishlar jamg'armasi prezidenti Aleksandr Rondellining aytishicha, til jahon bo'ylab ko'p jamiyatlarda qudratli va ba'zida xavfli kuch hisoblanadi.

"Til odamlarni birlashtiruvchi, bir tomonga yo'naltiruvchi kuch," deydi u.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotiga ko'ra, osetinlar gruzin qishloqlariga hujum qilgan, Rossiya esa Gruziyani osetinlarga qarshi genotsidda ayblamoqda.

1922 yilgacha osetinlar bir yerda yashagan, ammo Stalinning millatlarga nisbatan siyosati tufayli huddud sun'iy ravishda ikkiga - shimolga va janubga bo'lingan. Shimoliy Osetiya Rossiyaga, janub esa Gruziyaga o'tgan.

Vladikavkazdagi Shimoliy Osetiya Gumanitar va ijtimoiy izlanish instituti professori Xasan Dzutsevning aytishicha, osetinlar birlashishni istaydi.

Rossiya ularga bu borada yordam bermoqda. Janubiy Osetiyaga tinchlikparvar kuchlar kiritib Gruziya hujumidan himoya qilmoqda. Ammo rasmiy Tbilisi Kremlning bu harakatlarini bosqinchlik deb atab, Rossiyani gruzin demokratiyasiga changal solayotganlikda ayblaydi.

Moskvalik mustaqil tahlilchi Aleksandr Konovalovning aytishicha, Sovet Ittifoqi paytidagi sanoat dasturlari bois rus millatiga mansub fuqarolar qurilish ishlari uchun mamlakatning turli chekkalariga yuborilgan. Ular turli respublikalarda qolib yashagan, ammo SSSR qulagach, rus tili va madaniyatidan keyin ikkinchi o'rinda turgan mahalliy xalqlar mavqei, tili va madaniyati tiklana boshlagan.

Konovalov fikricha Sovet davrida ruslar o'zini mahalliy etnik guruhlardan ustun qo'ygan, ularni pisand qilmagan.

"Ruslar esa o'z millati taqdiridan xavotir olmagan," deydi u.

Ammo kichikroq millatlar va elatlar yirikroq guruhlar ta'siri ostiga tushib qolishdan va hattoki yo'qolib ketishdan xavotirda bo'lgan.

Ayni damda yarim millionga yaqin osetin bor. 70 minggi Gruziyada yashaydi. Xasan Dzutsevga ko'ra ular gruzinlar tomonidan tag-tugi bilan yo'qotilishidan cho'chiydi. Rasmiy Tbilisi by gumonlarni rad etadi.

Gruziyadagi mojaroda, deydi Konovalov, xalqaro aloqalardagi ikkita asosiy tamoyil to'qnashuvi kuzatiladi.

"Birinchisi - bu 1975 yilda imzolangan Xelsinki shartnomasi. Unda xalqaro chegaralarning daxlsizligi haqida aytilgan. Ikkinchisi esa millatlarning o'z taqdirini o'zi belgilashi huquqiga borib taqaladi. Hududiy mojarolarga berilgan har bir tomon ana shu tamoyillardan birini o'z da'vosiga huquqiy asos tariqasida keltiradi."

Xalqaro qonunda bu ikki tamoyilning qay biri ustun turishi haqida hech narsa deyilmagan. Bir davlatdan ajralib o'z davlatiga asos solmoqchi bo'lgan millat bir tamoyilni ishga solsa, mamlakati daxlsizligini saqlab qolishga intilgan boshqa guruh ikkinchi tamoyilga ishora qiladi.

Ammo boshqa tomondan Shveysariya yoki Kanada kabi ko'p millatli farovon davlatlar ham bor. Ular etnik ziddiyatlar girdobiga tushgan jamiyatlar uchun namuna bo'lishi kerak deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG