Breaking News

O'zbekiston Janubiy Osetiyaga insonparvarlik yordami beradi


O`zbekiston Janubiy Osetiyada urushdan aziyat chekkanlarga insonparvarlik yordami ko’rsatishga qaror qilgan. Prezident Islom Karimov Favqulodda vaziyatlar vazirligiga 250 ming AQSh dollari miqdorida gumanitar ko’mak yetkazish haqida topshiriq bergan.

Oqsaroy Gruziya-Rossiya orasidagi mojaroga nisbatan rasmiy munosabat bildirmagan. Oddiy o’zbekistonliklar va jamoatchi faollar esa Rossiyani Gruziya hududiy yaxlitligiga tajovuz qilganlikda ayblamoqda.

Janubiy Osetiyaga yuboriladigan yordam oziq-ovqat, dori-darmon va qurilish mollaridan iborat bo'ladi.

O`zbekiston axborot vositalarida urush cheklangan ravishda yoritilmoqda. Aholi bu borada yangiliklarni asosan Rossiya gazeta, televideniye va radiolaridan olmoqda.

Mamlakatdagi ayrim nodavlat tashkilotlar Rossiya –Gruziya o`rtasidagi harbiy to`qnashuvlar yuzasidan tashvish bildirib bayonot tarqatgan.

"Har bir davaltning hududiy yaxlitligi birinchi navbatda tan olinadigan narsa. Afsuski, Rossiya imperiyacha siyosatdan bir qadamga ham chekinmagayotganini Gruziya voqealari ko`rsatdi",- deydi "Qiynoqlarga qarshi tezkor guruh" vakili Abdusalom Ergashev.

Uning nazarida mojaro tafsilotlarining jamoatchilikka bir tomonlama yetib kelayotgani xalq ongida noto'g'ri fikrlar shakllantiradi.

"Axborot yetishmovchiligi bo`lganidan keyin har kim o`zicha tahlil qiladi. Odamlar asosan Rossiya kanallari orqali voqealarni kuzatishdi va shundan kelib chiqib fikr qilishmoqda. Boshqa bir manbadan axborot olish imkoniyati yo`q. Hukumatda ham aniq bir pozitsiya yo'qligi odamlar ortasida tushunmovchilikni kuchaytirmoqda ", - deydi Ergashev.

"Siyosat" axborot tahlil markazi sharhlovchilaridan biri, jurnalist Sharofiddin To'laganov bu fikrga qo'shilmaydi. Mojaroni rezpublikaning markaziy gazetalari yoritib kelmoqda deydi u. Uning fikricha Rossiya mavjud bitimlarga muvofiq ish tutgan.

"Bu borada imzolangan bitimga ko`ra Rossiya qaysi tomon hujum qiladigan bo`lsa, hujumga uchragan tomonni yonini olishi kerak edi. Bu safar Gruziya hamla qildi", - deydi To'laganov.

"Nima bo`lishidan qat'iy nazar, Rossiya Katta Sakkizlikdan chiqib ketadimi, yo`qmi, Gruziyadagi harbiy harakatlar dunyoda ikkinchi qutb paydo bo'lganini ko`rsatdi. Sovet Ittifoqi tarqalgach jahon bir qutbli bo'lib qolgan edi", - deydi To'laganov.

Abdusalom Ergashev ta'biricha esa Rossiya Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) hududida ayirmachilik harakatini, jumladan Gruziyadan ajralib chiqishga qahd qilgan Janubiy Osetiya va Abxaziyani ochiqdan-ochiq quvvatlashi tashvish uyg'otadi.

"Rossiya qilayotgan ish O`zbekiston uchun xavotir uyg'otadi. Lekin [hukumat] Rossiyaning g'ashiga tegishdan qo'rqib hech narsa demayapti. O`zbekiston tarkibida ham avtonom respublika bor".

XS
SM
MD
LG