Breaking News

Rossiya-Gruziya mojarosi oqibatida qariyb 200 ming kishi sarson


Gruziya Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, bugun Abxaziya chegarasi yaqinida gruzin politsiyachi otib o’ldirilgan.

Yevropa Ittifoqi bilan erishilgan kelishuv doirasida, Rossiya harbiy kuchlari Gruziyani qisman tark eta boshlagan. Rasmiy Tbilisi bu ma’lumotni tasdiqlamoqda. Ular o’rnini Yevropa kuzatuvchilari egallaydi.

BMT Qochqinlar agentligi berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, mojaro natijasida uy-joyini tashlab ketganlar soni 192 mingni tashkil etadi. Ya’ni avvalgi hisoblarga qaraganda 30 mingga ko’p. Aksariyati gruzinlar.

BMT xodimi Ron Redmondning aytishicha, hozirgacha 70 mingga yaqin kishi uyiga qaytgan va bu jarayon yil oxirigacha davom etadi.

BMT Qochqinlar agentligi 23 ming kishini ichki qochqinlar deya ta’riflaydi. Ularni kelasi 2-3 oy ichida boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlash kerak bo’ladi.

Agentlik mutaxassislari haligacha Gruziya va Janubiy Osetiya orasidagi, rus askarlari qo’riqlayotgan hududga kira olgani yo’q. Bu yerda qurollangan guruhlar faol ekani bois ko’pchilik uyini tark etib, Gori shahrida palatkalarda kun kechirmoqda. Bu yerda 2200 kishi panoh topgan.

Gruziya hukumati BMT Qochqinlar agentligi bilan hamkorlikda maktab binolarini o’quv yiliga tayyorlamoqda.

XS
SM
MD
LG