Breaking News

Permdagi aviahalokat qurbonlari orasida o'zbekistonlik ham bor


Yakshanba kuni Rossiyada Aerfolotga tegishli Boing-737 samolyoti texnik nosozlik tufayli Perm shahri yaqinida halokatga uchraganida 88 kishi halok bo'lgan. Moskva-Perm yo'nalishi bo'yicha harakatlanayotgan samolyot qo'nish arafasida bo'lgan.

Mutaxassislarga ko'ra samolyotning dvigatellaridan biri ishdan chiqib olov olgan va shuning natijasida havoda portlash yuz bergan. AQShning Boing kompaniyasi tergovda ishtirok etishga tayyor ekanini aytgan. Ayni damda halokat paytida qattiq zarar ko'rgan samolyotdagi ma'lumotlarni yozish qutichalari o'rganilmoqda. Xabarlarga ko'ra, samolyot qoldiqlarining 60 foizi to'plangan.

Aeroflot matbuot kotibi Irina Danenbergning aytishicha, 88 qurbon orasida yetti nafar yosh bola bo'lgan. Halok bo'lganlar 21 davlat fuqarolari edi.

Ular orasida 26 yoshli o'zbekistonlik ham bo'lgan. Uning ismi Bobur Toymetov. Bobur Xalqaro moliya korporatsiyasining Moskvadagi vakolatxonasida ishlagan. Ilgari Jahon Bankining Toshkentdagi bo'limida ham mehnat qilgan.

Boburning do'stlaridan biri, ayni damda Vashingtonda tahsil olayotgan Timur Toshpo'latovning aytishicha, Bobur ish yuzasidan Moskvadan Perm orqali Dushanbega ketayotgan bo'lgan.

"Bobur odatda Moskvadan Dushanbega boshqa yo'nalish bilan borardi. Mening bilishimcha, bu yo'nalish bilan uchishga uning oyog'i tortmay turgandi, ammo ish bo'lgandan keyin na iloj, uchish kerak," deydi Timur.

Aeroflot kompaniyasi halok bo'lgan har bir kishi oilasiga 80 ming dollar hajmida tovon to'lashini aytmoqda. O'tgan yili Rossiya aviatsiyasi 318 kishini nobud qilgan 33 aviahalokatni boshdan kechirgan.

XS
SM
MD
LG