Breaking News

Kondoliza Rays: Rossiya xalqaro sahnada o'zini-o'zi yakkalamoqda


Rossiya G’arb bilan yangi Sovuq urushni boshlamoqchi emas, aksincha dunyo iqtisodiyotiga to’liq qo’shilishni istaydi. Bosh vazir Vladimir Putin mamlakat tadbirkorlariga ana shu so’zlar bilan murojaat qilgan.

Prezident Dmitriy Medvedev esa Gruziyadagi urushda G’arb va NATOni ayblamoqda. “Rossiya tashqi bosimga va uni yakkalash harakatlariga chidab o’tirmaydi”, - deydi Medvedev.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays nazarida esa Rossiya agressiv va avtoritar davlatga aylanmoqda. “Kreml Gruziya hukumatini ag’darish maqsadidan qaytishi shart”, - deydi Rays.

Bu Raysning Rossiyaga qaratilgan eng kuchli tanqidi deya baholanmoqda. “Rossiya rahbarlari tanlagan yo’l bu mamlakatni xalqaro sahnada yakkalaydi, obro’sini to’kadi”.

“Rossiyaning suveren davlatlarga tahdid solishi, neft va gaz boyliklaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishi, qurollarni tarqatmaslik to’g’risidagi bitimlardan voz kechgani, dunyo xavfsizligiga raxna soluvchi guruhlarga qurol sotishi hamda mamlakatdagi jurnalist va faollarni ta’qib qilishi o’ta tashvishlanarli hol”, - deydi Kondoliza Rays.

AQSh vazirasi nazarida Rossiyaning xalqaro sahnadagi obro’-e’tibori eng past nuqtaga yetgan. AQSh bilan yadroviy hamkorlik bitimi bekor qilindi, Xalqaro Savdo Tashkiloti hamda Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkilotiga qo’shilish harakatlari qiyinlashishi aniq, deydi u.

Rossiya yangi rusumdagi “Bulava” qit’alar-aro raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazgan. Harbiylarning aytishicha, raketa 10 km masofaga ucha oladi. Mavzu Londonda NATO mudofaa vazirlari yig’ilishida muhokamada.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts NATO davlatlari Rossiya harakatlariga birgalikda, bosiqlik bilan javob berishni tavsiya qilmoqda. “Eng muhimi tashkilot a’zolari xavfsizligini kafolatlash, har qanday provokatsiyaning oldini olish”, - deydi Geyts.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevga ko’ra AQSh bilan aloqalar Rossiya uchun hamon muhim ahamiyatga ega. “O’tmishdagi arazu-ginalarga berilib, o’rtadagi imkoniyatlarni ko’kka sovurish siyosiy kaltafahmlik bo’lardi”, - deydi Medvedev.

XS
SM
MD
LG