Breaking News

Gruziyadagi voqealar Rossiya matbuotida noxolis yoritilgan


Gruziya va Rossiya o'rtasidagi mojaro ko'pchilik nazarida jang maydonidan matbuotga ham ko'chgan. Har bir tomon axborot xurujiga uchrayotganidan noligan. G'arb matbuoti asosan Gruziyaga yon bosgan deyilsa, Rossiyada Kreml propagandasi o'z aksini topgan deyiladi. Rossiyalik ba'zi mutaxassislar fikricha targ'ibot Rossiya matbuotida kuchliroq bo'lgan.

Matbuot qudratli qurol bo'lib, ayniqsa hozirgi zamonda siyosatchilar undan unumli foydalanishga harakat qilyapti. Xalqaro mojarolar paytida odamlar vaziyatni tushunish uchun mahalliy yoki xalqaro matbuotga murojaat qiladi. Senzura kuchli yoki matbuot erkinligi cheklangan jamiyatlarda esa axborot manbalari xilma-xillik bilan ajralmaydi. Hukumatlar aholiga o'z ichki yoki tashqi siyosatini uqtirish, targ'ib qilishda matbuotdan tez-tez foydalanadi. Ba'zida aholini ishontirish uchun yolg'on-yashiq axborot ham uzatiladi va aholining bir qismi uni tahlil qilmay hazm qilib yuboradi. Bu odatda nodemokratik, ijrochi hokimiyat kuchli davlatlarda ro'y beradi.

Rossiyaning o'zidagi mutaxassislar fikricha ularning mamlakati ana shunday davlatlar qatoriga kiradi. Gruziyada yaqinda sodir bo'lgan mojaro buni yaqqol namoyish etdi. Mojaroning birinchi kunidanoq Rossiya matbuoti Gruziyani osetinlarga qarshi qatliomlar va zo'ravonliklarda ayblab, prezident Mixail Saakashviliga nisbatan haqoratomuz izohlar bera boshladi.

Bu oddiy vatanparvarlikmi yoki Kremldan tushgan buyruqmi?

Moskvadagi Umumiy tarix instituti xodimi, tarix fanlari doktori Artyom Ulunyanning aytishicha, G'arbda Rossiya matbuotidan farqli o'laroq fikrlar xilma-xilligi kuzatilgan.

"G'arb matbuoti ham Rossiya hukumati, ham xorijiy hukumatlarning urushga munosabati bilan tanishtirib bordi. Rossiya matbuotida esa asosan propaganda ruhi sezilgan. Barcha tomonlar fikrini sanoqli axborot vositalari yoritdi xolos. Ular orasida Exo Moskvy radiostansiyasini alohida ta'kidlash mumkin."

Tahlilchilar nazarida Kreml bosimni asosan yirik telekanallarga o'tkazgan. Internetdagi matbuot esa bosimdan nisbatan xoli bo'lgan. "Vashington Post" gazetasiga ko'ra, urushning eng qizigan paytida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin yirik gazeta, radio va telestansiyalar rahbarlarini Sochiga to'plab mojaroning matbuotda yoritilishi bo'yicha o'z fikrlarini bildirgan. Exo Moskvy radiostansiyasini esa urushni noto'g'ri yoritayotganlikda ayblab koyigan.

Moskvaning "Vremya Novostey" gazetasi sharhlovchisi Arkadiy Dubnovning aytishicha, Rossiya matbuoti hukumat siyosatini jon-jahdi bilan oqlab aholini unga ishontirishga harakat qilgan.

"Ammo shu bilan birga," deydi Dubnov, "regionlardagi bosma matbuotda urushga tanqidiy ko'z bilan qaragan nashrlar ham bo'lgan. Gruziyada esa bu hol kuzatilmagan."

Tahlilchilar nazarida xususiy ommaviy axborot vositalari reklama hisobiga kun kechirishi bois Kreml pozitsiyasiga qarshi fikr bildirish ularni mablag'dan ayirib, iqtisodiy ahvoliga putur yetkazishini anglab yetgan.

Tatarstonning Naberejnie Chelni shahrida chiqadigan "Povoljye yulduzi" mustaqil gazetasi muharriri Rashid Axmetovning aytishicha, uning nashriga yuqoridan bosim bo'lmagan, ammo mamlakat bo'ylab ommaviy tarzda vasvasaga tushish kuzatilgan.

"Propagandaning barchasi asosan televideniyeda bo'lgan. Chunki odamlar tasvir ta'siriga tezroq tushadi. Biroq shunga qaramay hamma haqiqatda nima bo'layotganini yaxshi tushunadi. Harbiy propagandadan so'ng esa iqtisodiy tanazzul kelmoqda," deydi Rashid Axmetov.

Rossiyalik tahlilchi Arkadiy Dubnovning aytishicha, Kavkaz urushining mamlakat ichidagi tanqidchilariga vatan xoini sifatida qaralmoqda va bu jamiyatning bo'linishiga olib kelmoqda. Rossiya "makkartizm" xavfi bilan yuzlashyapti, deydi Dubnov.

"Harbiy-sanoat kuryeri" gazetasida, masalan, hukumat siyosatiga qarshi bo'lgan fuqarolarni xavfsizlik xizmati nazorati ostiga olishni taklif qiluvchi ko'plab maqolalar chop etilmoqda. Davlat idoralari, oliy o'quv dargohlari, nodavlat tashkilotlar xodimlari orasida xorijiy tashkilotlar bilan aloqada bo'lgan "vatan xoinlarini" aniqlab, kuzatish chaqiriqlari yangramoqda," deydi Dubnov.

Janubiy Osetiyadagi mojaro tinchlanganidan so'ng nodavlat huquq tashkilotlari Rossiya hukumatining Gruziyaga nisbatan ayblovlarini mustaqil ravishda tekshirib, qirg'in, zo'ravonlik, talon-taroj da'volari asossiz ekanini aniqlamoqda. Gruziya armiyasining Sxinvaliga hujumi oqibatida 2,000 kishining o'lgani ham, osetin qishloqlarida qatliomlar uyushtirilgani ham isbotini topmagan. Bu jamoatchilik fikrini o'z foydasiga og'dirish uchun uyushtirilgan hiyla ekani ayon bo'lmoqda, deydi tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG