Breaking News

Grin Karta lotereyasiga hujjatlar qabul qilinmoqda


Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi Grin Karta lotoreya dasturi 2 oktyabr kuni boshlandi. Unda markaziy osiyoliklar ham ishtirok etishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti “Turli millatga mansub kishilar uchun immigratsiya vizasi” dasturining navbatdagi, ya’ni 2010 yil lotoreya o’yinini e’lon qildi.

Dastur boshqacha qilib aytganda, “Grin karta” nomi bilan barchaga tanish.

O’yin qoidalariga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlarida tug’ilgan barcha shaxslar ham dasturda ishtirok etish huquqiga ega.

Mazkur yil o’yinlarida Rossiya Federatsiyasi hamda Kosovo fuqarolari ham ishtirok etishini hisobga olmaganda, boshqa hech qanday o’zgarishlar kiritilmagan.

Lotereya o’yiniga internet orqali ariza topshirish 2-oktyabrda boshlangan va 1-dekabrgacha davom etadi. Ishtirok etishni istovchilar www.dvlottery.state.gov veb sahifasiga kirib, unda so’ralgan barcha savollarga javob berishi va kerakli shakldagi fotosuratini yuborishi shart.

O’yin qoidalariga ko’ra, ishtirok etuvchi 21ga kirgan yoki undan katta yoshda bo’lishi, maktabni to’la bitirgan hamda AQSh Mehnat vazirligi talabiga muvofiq, zarur bo’lgan mutaxassislik bo’yicha kamida 2 yil tajribaga ega bo’lishi kerak.

Agar ishtirok etuvchi oilali va farzandli bo’lsa, u holda, turmush o’rtog’i va barcha farzandlari to’g’risida so’ralgan savollarga javob berish va barcha oila a’zolarining kerakli shaklda bo’lgan fotosuratlarini yuborishi lozim.

Masalan, kimsa O’zbekistonda tug’ilgan, biroq Rossiya, Qozog’iston yoki boshqa davlatlarda yashaydi yoki fuqaroligini olgan. Bunday shaxs ikkilanmasdan, tug’ilgan joyi O’zbekiston, ya’ni dasturda qatnashuvchi davlatlar ro’yxatiga kiritilgani bois, mazkur dasturda ishtirok etish huquqiga ega.

Lotereya o’yinlarida ishtirok etish tekin. Hech qanday pul talab etilmaydi. Shu o’rinda aytib o’tish lozimki, Grin karta lotereyasida ishtirok etish uchun to’g’ridan-to’g’ri AQSh Davlat departamenti veb sahifasiga kirib, o’yin arizasini to’ldirish va kerakli ma’lumotni olish mumkin.

Dastur haqida batafsil ma’lumotni www.dvlottery.state.gov sahifasida ingliz tilida, o’zbek tilida esa Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi veb sahifasi - http://uzbekistan.usembassy.gov/ dan topishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG