Breaking News

Afg'oniston: Qishdan o'tib olish uchun 400 million dollar zarur


Xavfsizlik muammolari va qimmatchilik bu yili ham Afg’onistonda oziq-ovqat inqiroziga olib kelishi mumkin. Zimiston yaqinlashar ekan, mamlakatning olis shahar-qishloqlarini yegulik bilan ta’minlash muhim masala.

Afg’oniston hukumati havo keskin sovishidan xavotirlanib, millionlab aholi uchun oziq-ovqat zaxirasini yaratish harakatiga tushib qolgan. Chunki qor tushgach mamlakatning qator viloyatlariga na mahalliy, na xalqaro tashkilotlar ko’mak yetkaza oladi.

Yana bir xavotir shundaki, yegulik ortilgan avtokolonnalarga jangari guruhlar hujum qilishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tolibonni gumanitar missiyalarni tinch qo’yishga chaqirmoqda.

Amerika Ovozi bilan suhbatda, Afg’oniston Qishloq xo’jaligi vaziri G’ulom Mustafo Javod xalqaro hamjamiyatdan ko’mak miqdorini oshirishni so’radi.

Uning aytishicha, “mamlakat g’amlab qo’ygan zaxiralar qishdan o’tib olish uchun yetarli emas”. Donorlar Afg’onistonga 400 million dollar ajratish va’dasini haligacha bajargani yo’q.

BMT qoshidagi Oziq-ovqat dasturi aholining uchdan-bir qismi, ya’ni 9 million kishini yegulik bilan ta’minlashga va’da bermoqda. Bu o’tgan yillarga qaraganda ikki marotaba ko’p.

Pokiston Afg’onistonning yirik donorlaridan biri, ammo so’nggi paytda eksport miqdorini keskin kamaytirgan. Bundan tashqari, bahor-yoz mavsumlarida qurg’oqchilik ko’plab oilalarni chorva mollaridan ayirdi. Bug’doy va boshqa boshoqli ekinlar yaxshi hosil bermadi.

Xalqaro donorlar Afg’onistonni tiklash dasturlari uchun kelasi 5 yil mobaynida 21 milliard dollar ajratishga so’z bergan.

XS
SM
MD
LG