Breaking News

AQSh qo'shinlarining Iroqdagi maqomi hanuz mavhum


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, AQSh qo'shinlarining Iroqda qolish muddati haqidagi bitim loyihasiga o'zgartirish kiritishga hojat yo'q. Agar bitim hozirgi ko'rinishida yil oxirigacha imzolanmasa, oqibatlari juda ham ayanchli bo'lishi mumkin, deydi u.

AQSh qo'shinlarining Iroqdagi maqomi bo'yicha muzokaralar bir necha oydan beri davom etmoqda, ammo endi, deydi Geyts, shartnomani imzolashga va Iroq parlamenti tasdig'idan o'tkazishga vaqt keldi. 31 dekabr kuni BMTning mamlakatdagi mandati yakunlanadi va shartnoma o'sha davrgacha kuchga kirishi lozim, aks holda AQSh qo'shinlarining Iroqda qolishi uchun huquqiy asos bo'lmaydi.

"Agar askarlar faoliyatini to'xtatsa, xavfsizlik muammolari kuchayishi mumkin," deydi Robert Geyts.

Iroq Vazirlar Mahkamasi loyihaga qo'shimcha tuzatishlar kiritishni so'ramoqda. Aks holda hujjat parlament tasdig'idan o'tmasligi mumkin. Shia qonunchilarning bir qismi bitimga qarshi chiqmoqda.

Loyihaning munozaraga sabab bo'layotgan asosiy qismi AQSh askarlarining Iroqda sodir etgan jinoyatlari bo'yicha javobgarligi va Iroq sudi oldidagi daxlsizligi bilan bog'liq. Qo'shma Shtatlar faqatgina og'ir jinoyatlarga qo'l urgan askarlarning Iroqda sudlanishiga rozi bo'lgan. Harbiylarning mamlakatni tark etish muhlati ham ko'p tortishuvlar sababchisi.

Pentagon so'zlovchisi Brayan Uitmanning aytishicha, bu vaziyatga qarab o'zgarishi mumkin.

"Iroq bilan maqsadimiz mushtarak - mamlakat xavfsizligi nazoratini iloji boricha tezroq iroqliklar qo'liga topshirish. Ammo bu ko'p narsaga bog'liq. Va eng avvalambor, Iroq kuchlarining tayyorgarligiga," deydi Uitman.

AQSh mudofaa vazirligi rasmiysiga ko'ra, bitim loyihasiga muvofiq Qo'shma Shtatlar qo'shinlariga huquqiy himoya berish bilan birga Iroq xavfsizligini ta'minlashda va kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazishda davom etadi. Bu kabi ikkitomonlama bitim ko'plab davlatlar bilan imzolangan.

XS
SM
MD
LG