Breaking News

AQSh va Rossiya sanksiyalar borasida bahs qilmoqda


AQSh Davlat departamentiga ko'ra, Kreml Eron yadro dasturini cheklash bilan AQShga iltifot ko'rsatmaydi, balki o'z manfaatlari doirasida harakat qiladi. Sal oldinroq Kreml "agar AQSh Rossiyaga tegishli kompaniyaga qo'yilgan sanksiyani bekor qilmasa, Eron atom dasturi bo'yicha AQSh bilan hamkorlikni cheklaymiz" degan edi.

O'tgan hafta Qo'shma Shtatlar Suriya, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar bilan yadro va ilg'or qurol texnologiyasi borasida hamkorlik qilayotgan 13 xorijiy kompaniyaga sanksiya qo'ygan. Ular orasida Rossiyaning qurol-yarog' sotuvchi Rosoboroneksport kompaniyasi ham bor.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQShning bu qaroriga norozilik bildirib, uni adolatsiz va noqonuniy deb atagan. "Bu Xavfsizlik Kengashida Eron yadro dasturiga nisbatan siyosatga ta'sir qilmay qolmaydi," deb ogohlantirdi Rossiya vaziri.

Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormakning aytishicha, agar Rossiya bu boradagi diplomatik faoliyatini susaytirsa, bundan o'zi zarar ko'radi xolos.

"Bizga iltifotning keragi yo'q. Yadro quroliga ega Eron Rossiyaga xavf. Rasmiy Tehronni atom quroli ishlab chiqarish texnologiyasidan ayirish nafaqat barcha davlatlar, balki Rossiya manfaatida hamdir," deydi Makkormak.

Sergey Lavrov ta'biricha, Rossiyaning Eron bilan harbiy va texnik hamkorligi xalqaro qonun asosida kechmoqda.

Sanksiya AQSh hukumatining Rosoboroneksport va unga aloqador kompaniyalar bilan ish yuritishni, ularga AQSh harbiy texnikasi va texnologiyasini sotishni man qiladi.

Eronga tegishli xabarlarga ko'ra, rasmiy Tehron Fors Ko'rfaziga kirish joyida yangi harbiy flot bazasini qurgan. Strategik hisoblangan Ho'rmuz bo'g'ozidan sharqda. Jahon neftining 40 foizi Eronni Arab yarim orolidan ajratuvchi Ho'rmuz bo'g'ozi orqali o'tadi.

XS
SM
MD
LG