Breaking News

Kampaniya nihoyasiga yetmoqda, Amerika kimni tanlaydi?


4 noyabr kuni Amerika xalqi yangi prezidentni saylaydi. Demokrat Barak Obama va respublikachi Jon Makkeyn bir qancha shtatlarda har bir ovoz uchun shiddatli kurash olib bormoqda.

Mamlakat bo’ylab o’tkazilgan so’rovlarda ko’pchilik Obama nomzodini ma’qullaydi. Qator muhim shtatlarda raqiblar deyarli teng ovoz to’plashi bashorat qilinmoqda.

Nomzodlar kampaniyaning so’nggi kunlarida diqqatni respublikachi va demokratlarni deyarli teng ravishda quvvatlayotgan shtatlarga qaratayotgani bejiz emas.

Demokrat nomzod Obama siyosiy jihatdan konservativ qarashga ega, doim respublikachilarga ovoz berib kelgan shtatlarda ovozlarni qo’lga kiritishga astoydil bel bog’lagan. Deylik, Virjiniya 1964 yildan beri demokratlarga ovoz bergan emas. Biroq bu yil siyosiy manzara boshqacha.

Respublikachi Jon Makkeyn Virjiniyaning Nyuport shahrida yig’in o’tkazib, saylovchilardan unga ovoz berishni so’ragan. “Saylovgacha tinim yo’q, do’st va qo’shnilarni ovoz berishga da’vat eting, sizning yordamingiz bilan Virjiniyada yutib chiqamiz”, - dedi Makkeyn o’z tarafdorlariga.

Makkeyn o’zini prezident Bush siyosatidan iloji boricha uzoqlashtirib, meni u bilan qiyoslamang deydi. “Menga ovoz bersangiz, muovinim Sara Peylin bilan Vashingtondagi siyosiy muhitni yangilaymiz, o’zgarishni biz qilamiz”.

Xalqning aksariyat qismi amaldagi prezidentdan norozi ekan, demokratlar Makkeynni Bushga tenglashtirib, u hech narsani o’zgartirmaydi deb jar solmoqda.

Barak Obama kampaniyasini saylov natijasida muhim rol o’ynovchi Ogayo shtatida davom ettiryapti. “Menga ovoz bersangiz, nafaqat saylovda yutib chiqamiz, balki Amerikada va butun dunyoda ulkan o’zgarishlar qilamiz”, - dedi u saylovchilarga murojaatida.

Obamaning aytishicha, Makkeyn Bushning maslakdoshi va uni rahbar etib saylash so’nggi sakkiz yil ichidagi xatolarni davom ettirish demakdir. Saylovga ikki kun qolganda, omma orasida o’tkazilgan so’rovlar Obama raqibidan 6.5 foiz oldinda ekanini ko’rsatmoqda. Makkeyn kampaniyasi hisobicha ular 4 foiz orqada xolos.

AQShning amaldagi vitse-prezidenti, odatda kamnamo Dik Cheyni saylovchilarga Jon Makkeynga ovoz bering deb murojaat qilgan. “Makkeyn Amerika yuzlashayotgan tahdidlarni, mas’uliyat nimaligini tushunadigan, bilim va tajribasi bilan oliy qo’mondon bo’lishga tayyor rahbar”, - deydi Cheyni.

Demokratlar nazarida bu bilan Cheyni Jon Makkeyn Bush siyosatini davom ettirishini yana bir bor isbotladi.

Prezident saylovlarida 130 milliondan ortiq fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda. Hozirgacha saylovchilarning deyarli uchdan-bir qismi ovoz berib bo’lgan.

XS
SM
MD
LG