Breaking News

Eksport cheklovlarini vaqtincha bekor qilishga kelishib olindi


Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari kelasi bir yil davomida savdo va sarmoya yo’liga to’siqlar qo’ymaydi.

Peru poytaxti Limada, mintaqa iqtisodiy hamkorlik tashkilotining yig’ilishida shunga qaror qilingan. Sammitda AQSh rahbari Jorj Bush ham ishtirok etdi. Bu uning so’nggi xorijiy safari.

“Iqtisodiy taraqqiyot ortidagi uch omil – erkin bozor, erkin savdo hamda erkin jamiyat”, - dedi Bush sammit ishtirokchilariga murojaatida. Mamlakatlar hamkorlik tomon dadilroq qadam tashlashi lozim, deydi u.

“Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari o’z siyosatida bu omillarni mujassam etgan. Erkin bozor iqtisodiyoti millionlab odamlarga qashshoqlikdan qutulishga imkon berib, mo’jazgina davlatlarni iqtisodiy kuchga aylantirmoqda. Fuqarolar iste’dodi va mahorati, bilim va qobiliyatini ishga sola olishi, buning uchun sharoit yaratilishi taraqqiyotning muhim omillaridan”.

Dunyo savdo aylanmasining qariyb yarmi Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari hissasiga to’g’ri keladi. 21 davlat imzolagan hujjatda sarmoya va savdoni kengaytirish mavjud iqtisodiy muammolarning yechimi deb ko’rsatilgan.

“Dunyo iqtisodiyoti inqirozga yuz tutgan davrda”, deydi prezident Bush, “eng katta xavf mamlakatlarning proteksionizm kayfiyatiga berilishi, ya’ni soliq va tarifflar vositasida savdoni cheklashga urinishidir. 1930-yillarda ana shunday siyosat iqtisodiy tanazzulni yanada chigallashtirgan. Tarixdan saboq chiqarib, bu xatoni takrorlamaylik”.

Bush Peruda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan. “AQSh-Rossiya o’rtasida, o’xshash qarashlar ham, tafovutlar ham ko’p. Muhimi, kelishmovchiliklarga qaramay har ikki davlat birga ishlay olishi lozim”, - deydi Bush. Dmitriy Medvedev ham xuddi shu ohangda javob qaytargan.

Xitoy rahbari Xu Tsintao bilan yakkama-yakka uchrashuvda, Bush Xitoy bozorini AQSh mahsulotlariga kengroq ochish masalasini ko’targan. Uning aytishicha rasmiy Pekin Tibet rahnamosi Dalay Lama bilan muzokaralarni ham davom ettirishi zarur.

XS
SM
MD
LG