Breaking News

AQSh iqtisodiyotni tiklash uchun 800 milliard dollar ajratmoqda


AQSh Moliya vazirligi kredit va ko’chmas mulk bozorini jonlantirish uchun 800 milliard dollar ajratmoqda.

AQSh Moliya vaziri Genri Polson ta’biricha, iqtisodiyot oqsayotgan bir pallada iste’molchini himoya qilish hamda uni xarid qilishga undash g’oyat muhim.

Kredit bozori tiklanib, banklar yana qarz bera oladigan holatga kelmasa, tanazzul davom etadi, deydi mutaxassislar.

Hukumat banklarga hozircha 200 milliard dollar berishga tayyor. Kredit berish salohiyatini tiklash uchun esa jami 600 milliard dollar ajratilmoqda.

Yangi saylangan prezident Barak Obama iqtisodiy inqirozdan chiqish asosiy maqsad bo’ladi demoqda. Obama 2 yil ichida 2 yarim milliondan ziyod ish o’rinlari yaratishga va’da bergan.

“Iqtisodga yangi jabhalar kiritamiz”,- deydi Obama. Amerikaning yangi rahbari byudjetni sinchiklab, bandma-band tekshirishga so’z bermoqda. “Keraksiz sarf-xarajatni to’xtatamiz”, - deydi u.

2003-2006 yillar oralig’ida, masalan, millioner dehqonlarga 49 million dollar miqdorida yordam berilgan. Vaholanki, bu subsidiyalarga hojat bo’lmagan, deydi Barak Obama.

Barak Obama moliya vaziri lavozimiga tajribali iqtisodchi Timoti Geytnerni tanlagan. Kongressda byudjet bo’yicha direktor Piter Ortzag endi Obamaning qo’li ostida shu masala bilan shug’ullanadi.

Jahon bozoridagi vaziyatga kelsak, Yevropa Ittifoqi iqtisodiy yordam loyihasini muhokama qilmoqda. 260 milliard dollarlik dastur ittifoqning dekabrdagi sammitida ko’rib chiqiladi. Xitoy Markaziy Banki ham foiz stavkalarini kamaytirmoqda.

XS
SM
MD
LG