Breaking News

Pokiston Mumbay xurujiga aloqador ekanini keskin rad etmoqda


Hindistonda Mumbay shahrini qaqshatgan qonli hujumlar ortida kim turgani yuzasidan tergov ishlari boshlab yuborilgan.

Bosh vazir Manmoxan Singx qurolli kuchlar va razvedka rahbarlari bilan favqulodda majlis o’tkazmoqda. Matbuot xabarlariga ko’ra Hindiston davlat xavfsizligi vaziri Shivraj Patil hamda xavfsizlik bo’yicha maslahatchi M. K. Narayanan ishdan bo’shagan.

Hukumat va razvedka idoralari terror hujumlarini bartaraf eta olmaganlikda ayblanmoqda. 26 noyabr kuni boshlangan qurolli hujumlar qariyb 200 kishini hayotdan olib ketdi. Yuzlab odam yaralangan. Politsiyaning aytishicha hujumchilarning 9 nafari o’ldirilgan, biri hibsda. Uning pokistonlik ekani ma’lum.

Hindiston rasmiylari Mumbay hujumlarida Pokistonda joylashgan islomiy guruhlarni ayblaydi. Hujum puxta reja asosida, muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan. Lekin Pokistonning bu voqeaga aloqasi yo’q, deydi mamlakat tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi.

“Hujumlarda Pokistondagi guruhlarning qo’li borligini tasdiqlovchi dalil-isbot yo’q. Ammo Pokistonga qaratilgan ayblov-gumonlar oraga sovuqlik olib kirgani sir emas. Tergov ishlarida hamkorlik qilishga tayyormiz”, - deydi vazir Mahmud Qurayshi.

Terrorchilarni topishda ko’maklashish va ma’lumot almashish uchun sal avval Pokiston qo’shni davlatga razvedka xizmati rahbarini yo’llashini ma’lum qilgan edi. Biroq bu fikrdan qaytgan. Vazir Qurayshi qarorni shunday izohlaydi:

“Rasmiy Dehli qo’lida Pokistonning xurujlarda ishtirokini isbotlovchi biror ma’lumot-hujjat bo’lsa, biz bilan bo’lishsin. Terrorizmni, begunoh odamlarga nisbatan vahshiyona xurujlarni hech narsa oqlamaydi. Islomobod zo’ravonlikka aloqasi bo’lgan har qanday guruh yoki tashkilotga zarba berishga, jazolashga tayyor. Terrorizm balosi Pokistonni ham domiga tortgan. Unga qarshi birgalikda kurashish lozim”.

AQSh prezidenti Jorj Bush Hindiston xalqiga hamdardlik izhor etib, Hindistondagi voqealarni yaqindan kuzatayotganini, hukumati terrorga qarshi urushda AQSh yordamiga tayana olishini aytmoqda. Dehliga amerikalik tergovchilar guruhi tashrif buyurgan.

XS
SM
MD
LG