Breaking News

Obama ma'muriyati Afg'onistonda yangi strategiya bo'yicha ish ko'radi


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, Afg'onistonda jangarilarga qarshi kurashning yangi strategiyasini ishlab chiqish yangi prezident Baraka Obama ma'muriyatining ustuvor vazifalaridan biri bo'ladi. 20 yanvarda Obama qasamyod keltirib, hukumat o'zgarar ekan, Geyts Bush ma'muriyatining o'z lavozimida qolayotgan yagona rasmiysidir.

"Kurashning asosiy qismini afg'onlarning o'zi olib borishi kerak. Shu sabab men afg'on armiyasining kengayishi tarafdoriman," deydi Geyts.

Strategiyani qayta ishlash hozirdan boshlangan. Obama ma'muriyati esa uni takomillashtirib, ishga soladi.

Obama terrorchilarning Afg'oniston-Pokiston chegarasida o'rnashib olganini Amerika uchun eng katta tahdid deb hisoblaydi. Vazir Geyts eng dolzarb vazifalardan biri ularning bazalarini yakson qilish deydi.

"Buning uchun Pokiston bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. Pokiston AQSh askarlarining o'z hududida harakatlanishini istamaydi va shu sabab ham o'zi faollashishi zarur," deydi Geyts.

AQSh mudofaa vaziriga ko'ra yangi ma'muriyat oldidagi yana bir dolzarb vazifa - Guantanamodagi qamoqxonani yopish. Ayni damda u yerda terrorizmda gumon qilinayotgan 250 dan ortiq kishi saqlanmoqda.

"Qamoqxonani yopishda Kongress yordami zarur. Buning uchun maxsus qonun chiqarish kerakdir," deydi Geyts.

XS
SM
MD
LG