Breaking News

Geyts: Iroqdagi harbiy missiya so'nggi pallaga kirmoqda


Kelasi oy muddatini yakunlayotgan AQSh prezidenti Jorj Bush Iroqqa tashrif buyurgan. Bu uning davlat rahbari sifatida bu mamlakatga to’rtinchi va so’nggi safari.

Mufodaa vaziri Robert Geyts ta’biricha Iroqdagi harbiy missiya so’nggi pallaga kirmoqda. Yaqinda imzolangan bitimga muvofiq AQSh qo’shini kelasi yil iyun oyida Iroq shaharlarini tark eta boshlaydi.

Biroq Amerikaning Iroqdagi qo’mondoni Rey Odiyerno ushbu muhlat uzaytirilishi mumkin demoqda. Vazir Robert Geyts Bag’dodga kutilmagan tashrif chog’ida zobitlar bilan uchrashgan. “Diqqat endi Afg’onistonga qaratiladi”, - deydi u.

Iroqdagi vaziyat barqaror bo’lishda davom etsa, Qo’shma Shtatlar kelasi yil 30 iyungacha shaharlarni, 2011 yil so’nggida esa mamlakatni butunlay tark etishga rozi. “Xavfsizlik uchun javobgarlik sekin-asta mahalliy qo’shin zimmasiga yuklanadi”, - deydi AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts.

Ammo yangi prezident Barak Obama lavozimiga kirishgach, qo’shinni 16 oy ichida, ya’ni 2010 yilning yozida vatanga qaytarish fikrida sobit qolmoqda. Robert Geyts bu masalaga oydinlik kiritganicha yo’q.

Bundan tashqari, ayrim ekspertlar Iroq armiyasi xavfsizlik uchun javobgarlikni bo’yniga olishga tayyormi degan savolni ham o’rtaga tashlamoqda.

“Albatta”, - deya javob beradi Iroq Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Muhammad al-Askari. “Aks holda rasmiy Bag’dod AQSh bilan harbiy bitim imzolamagan bo’lardi”.

Qo’shma Shtatlar kelasi yil yozda Afg’onistonga minglab qo’shin safarbar etish rejasini e’lon qilar ekan, Iroqda harbiylar sonini kamaytirishdan o’zga chora yo’q. Hozir Iroqda deyarli 150 ming kishi xizmatda. Ammo vazir Geytsning ishontirib aytishicha, Iroqdagi missiya muhimligicha qoladi.

Geyts sal avval Bahraynda bo’lib, Eronni mintaqada beqarorlik omili deya tanqid qildi. Fors ko’rfazi davlatlarini Iroqni qo’llab-quvvatlashga da’vat etdi.

XS
SM
MD
LG