Breaking News

Strategik  mahsulot import - eksportida bir davlatga tayanish xatarli


Yevropa Ittifoqi gaz ta'minoti tiklanmasa Rossiya va Ukrainani sudga bermoqchi.

"Shuncha gap-so'z, muzokara va bitimlardan keyin ham Rossiya gazi bizning davlatlarimizga yetib kelmayotganini tushunish qiyin", - deydi Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barroso.

"Rossiya va Ukraina biz bilan shartnomalar imzolagan. Kelishuvlarga amal qilmasa, Yevropa Ittifoqi ularni ishonchli hamkor deb hisoblamaydi va javobgarlikka tutishga majbur bo'ladi",- deydi Barroso.

Rossiya gaz ta'minoti qayta yo'lga qo'yilganini aytib, mahsulotning yetib bormayotganida Ukrainani ayblamoqda. Ukraina rasmiylari esa ta'minotni Kremlning o'zi kesib qo'ygan deydi.

Yevropa tabiiy gazning 25 foizini Rossiyadan oladi. Yevropa alternativ quvurlar va manbalar ustida jiddiy o'ylay boshlagan. Rossiyani chetlab o'tgan holda G'arbga Kavkaz va Markaziy Osiyo tabiiy zaxiralarini yetkazuvchi yangi quvurlar barpo etish masalasi qizg'in muhokamada. Rossiya Yevropaga sotayotgan gazda Markaziy Osiyoning ulushi katta. Hozirgi vaziyatga ko'ra mintaqa davlatlarida gazni Rossiyaga sotishdan boshqa imkoniyat ham yo`q, chunki quvurlar faqat Rossiya tomonga tortilgan.

Yevropa Rossiyaga qaram bo'lib qolishni istamasa, Rossiya ham bu sohada monopoliyani saqlab qolish harakatida.

"Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan energetik zaxiralar uchun muqobil yo'nalishlar yaratish haqida anchadan buyon gaplashib kelmoqda. Jumladan Kavkaz va Turkiya orqali. Lekin hozircha biror natija borligi kuzatilgani yo'q", - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Mintaqa gazini Kavkaz orqali Yevropaga yetkazuvchi Nabukko loyihasi Rossiyani ham, Ukrainani ham chetlab o`tadi.

Yevropa yaqinda Turkmaniston bilan bu loyiha yuzasidan muzokaralar o`tkazgan.

Nabukko loyihasiga ko'ra Turkmanistondan tortilgan gaz quvurlari Kaspiy dengizini kesib o'tib, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropaga yetib borishi kerak.

Rossiya esa Nabukko loyihasiga qarshi Kaspiy bo'ylab yangi gaz quvurlarini yotqizishni taklif etmoqda.

Har ikki loyiha katta mablag' talab etishdan tashqari geosiyosiy jihatdan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov fikricha Rossiya energetik imkoniyatlaridan bosim ko'rsatish vositasi sifatida foydalanmoqda.

"Biz uchun eng yomoni, faqat Rossiyaga bog'lanib qolganmiz. Shuning uchun iqtisodimiz rivojlanmayapti. Bizga boshqa yo`llar kerak, masalan, Kavkaz koridorlaridan foydalanib Yevropaga chiqishimiz kerak. Lekin bunga Rossiya qarshi. Biz qancha ko'p yo'l ochsak rivojlanish uchun ko'proq imkoniyat bo'ladi. Shundagina mintaqa Rossiya monopoliyasidan qutilishi mumkin bo'ladi", - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Abduvali Soyibnazarov nazarida esa mintaqa energiya eksporti bo'yicha mustaqil yo'nalishga ega bo'lsa, Rossiya bilan munosabatlarda ziddiyat paydo bo'ladi.

"Rossiya bu loyihani amalga oshishiga yo'l qo'ymaydi. Mintaqa davlatlarining hammasi Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga a`zo. Nabukko ishga tushadigan bo`lsa bir tomonda Yevropa Ittifoqi, ikkinchi tomonda esa Rossiya turibdi. Kuchli davlatlarning xomashyo uchun kurashi vaziyatni keskinlashtirishi mumkin", - deydi Soyibnazarov.

Rossiya -Ukraina o'rtasidagi gaz mojarosi mintaqaga tabiiy boyliklarni jahon bozoriga chiqarishda faqat bitta davlatga tayanish xatarli ekanini eslatmoqda.

XS
SM
MD
LG