Breaking News

Isroil bir tomonlama sulh tuzmoqchi, G'azo hamon bomba ostida


Isroil aviatsiyasi G’azo mintaqasini bombardimon qilishda davom etmoqda. Shimolda joylashgan Beyt Laxiya shahirda BMT tomonidan boshqariladigan maktab nishonga olingan. Ikki bola o’lgani va 14 kishi jarohat olgani ma’lum. BMT rasmiylari xurujni qoralab, tergov o’tkazishni talab qilmoqda.

Isroil shanba kungi hujumlarda Xamasning 50 idorasini nishonga olganini va raketalar otilayotgan o’choqlarni yo’q qilganini aytmoqda.

Xamasning raketa hujumlari va Isroil tanklarining G’azo mintaqasiga bostirib kirgani birdek tanqid ostida. Har ikki tomon urush jinoyatlarini sodir etayotgani ta’kidlanmoqda. Falastin rasmiylariga ko’ra, urush tufayli mingdan ziyod aholi, aksariyati ayol va bolalar halok bo’lgan.

Huquqshunos Jonatan Drimmerga ko’ra, xalqaro qonunlarga muvofiq Isroil tinch aholi yashaydigan zonalardan kelayotgan hujumlarga javob berishga haqli. Biroq aholi bundan aziyat chekmasligi lozim.

Isroil rasmiysi Jonatan Peled "biz barcha xalqaro me’yyor va qonunlarga asoslanib ish ko’ryapmiz", deydi.

"Biroq aholi punktlaridan bizga qarata minglab raketalar otilar ekan, qo’l qovushtirib ham o’tira olmaymiz", - deydi rasmiy.

Falastinning Vashingtondagi vakili Nabil Abuznayd Isroil hujumlari o’ta vahshiy, bunga o’zini himoya qilish emas, falastinliklarni yo’q qilib yuborish, deb qarash lozim, deydi.

O’z o’rnida Abuznayd Xamas hujumlarini ham qoralagan. Unga ko’ra, jangarilar raketa otishni bas qilishi, Isroil esa hududni tark etishi lozim.

"Mustamlakachilik va hujumlar qancha ko’p davom etsa, shuncha ko’proq falastinliklar Xamasga qo’shiladi. Radikalizm va xudkushlik avj oladi", - deydi Abuznayd.

Urush jinoyatlarini o’rganuvchi guruh vakili Anton Dvorkin har ikki tomonning qo’li qon deydi. Xamas ham Isroil ham xalqaro qonunlarni buzganligi borasida dalil va isbotlar chiqishi aniq.

Fevral oyida Isroilda saylovlar va hokimiyat o’zgarishi kutilar ekan, hukumat hujumlarni tugatish rejasini muhokama qilmoqda.

XS
SM
MD
LG