Breaking News

Petreyus: Qirg'izistondagi baza yopilmaydi


AQSh Qurolli Kuchlarining Markaziy va Janubiy Osiyodagi operatsiyalari uchun javob beruvchi Markaziy Qo'mondonlik rahbari general Deyvid Petreus mintaqa bo'ylab safar qilar ekan, Qirg'izistonda Bosh vazir Igor Chudinov bilan uchrashgan. Muloqot chog'ida ikki tomonlama harbiy hamkorlik muhokama qilingan.

Bir necha kun burun Qirg'iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev mamlakatdagi AQShga qarashli harbiy bazani yopmoqchi ekani haqida xabarlar chiqqan edi. Ularga ko'ra Rossiya Qirg'izistonga 2 milliard dollarlik moliyaviy yordam evaziga AQSh bazasini yopishni taklif qilgan.

Petreusning uchrashuvlardan so'ng aytishicha, Manas bazasining yopilishi haqida gap ketmagan va qirg'iz rasmiylari Petreusni Rossiya bilan bu borada hech qanday muloqot bo'lmagan deb ishontirishga harakat qilgan. Qirg'iziston hukumati bazaning yopilish ehtimoli borasida rasmiy bayonot bermagan.

General Petreus Pokistonda ham bo'lib, mamlakat rahbarlari va harbiylari bilan muloqot qilgan, xususan Pokiston prezidenti Osif Ali Zardari va Bosh vazir Said Yusuf Rizo G'iloniy bilan.

Petreusning aytishicha, uchrashuv chog'ida Afg'oniston-Pokiston chegarasida to'plangan va ikkala davlatga tahdid solayotgan jangarilarga qarshi kurash muhokama qilingan.

Petreus bu safar Markaziy Osiyoning O'zbekistondan tashqari boshqa mamlakatlarida ham bo'ldi.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistondgai kuchlarga anjomlarni yetkazishning muqobil yo'llarini izlamoqda.

XS
SM
MD
LG