Breaking News

Vakillar Palatasi Obamaning iqtisodiy yordam dasturini ma'qulladi


AQSh Vakillar Palatasi prezident Barak Obama taklif qilgan iqtisodiy yordam dasturini tasdiqlagan.

Biroq respublikachi qonunchilar loyihaga hamon qat’iyan qarshi. Ular nazarida 819 milliard dollarlik mazkur tashabbus faqat sarfiyatni ko’zlaydi, soliq chegirmalari yetarli emas.

Senat esa loyihaga tuzatish kiritib, 70 milliard dollarlik chegirma taklif qilmoqda.

Ikki kun davom etgan bahs-munozaradan so’ng demokratlar hukmron Vakillar Palatasi iqtisodiy ko’mak loyihasini tasdiqlagan.

Biroq prezident Obama qanchalik urinmasin hech bir respublikachi hujjatni yoqlab ovoz bermagan. Ular nazarida hukumat moliyaviy tanglikdan chiqish uchun ortiqchi harajat qilib kamomadni oshirishi mantiqsiz siyosat.

Vakillar Palatasida yetakchi demokratlardan Deyvid Obey qonunchilarni kelishib ishlashga da’vat etgan. Vaziyat mushkul; prezident tashabbusini yoqlashdan boshqa iloj yo’q, deydi u.

Respublikachilar fikricha esa hujjatda eng muhim sohalar e’tiborsiz qolgan.

Dastlab iqtisodiyotning eng zaif sektorlariga mablag’ kiritish kerak, deydi ular. Respublikachilar, shuningdek, demokratlarni prezident Obamaning “partiyabozlikni chetga surib, bir yoqadan bosh chiqaraylik” degan chaqirig’ini hurmat qilmaganlikda ayblamoqda.

Demokrat Jorj Miller fikricha esa respublikachi qonunchilar Bushning “nobop iqtisodiy siyosati”ni davom ettirmoqchi. Boy-badavlat aholi manfaatlaridan boshqani ko’rmaydi ular, deydi qonunchi.

819 milliard dollarlik loyiha soliq to’lovlarini kamaytirib, millionlab yangi ish o’rinlari yaratadi degan umid bor.

XS
SM
MD
LG