Breaking News

Obama ma'muriyati Eronga nisbatan siyosatini o'zgartirishi mumkin


AQSh, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqidan uch davlat Germaniyada Eron yadro dasturini muhokama qilgan. Tahlilchilarga ko'ra Eron masalasiga munosabat o'zgarishi kutilmoqda. Frankfurt yaqinidagi uchrashuv Eron orbitaga ilk sun'iy yo'ldoshini chiqargandan ikki kun o'tib o'tkazildi.

Tomonlar o'z fikrini ma'qullashda davom etmoqda, ya'ni G'arb Eronni yadro qurolini yaratishga intilayotganlikda gumon qilsa, rasmiy Tehron atom dasturi unga elektr energiyasini olish uchun kerakligini aytmoqda. Har ikki tomonning o'jarligi muzokaralarning turg'un bo'lishiga sabab edi, biroq ba'zi kuzatuvchilarning aytishicha, Obama ma'muriyati masalaga yondashuvini o'zgartirishi mumkin.

Bryusseldagi Yevropa siyosati markazi tahlilchisi Shoda Islomning aytishicha, bu safargi muloqot Bush prezidentligi davridagi muzokaralardan muhiti bilan farq qiladi.

"Obama Eron bilan bevosita muloqot qilishini aytgan, Eron ham bevosita diplomatik muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan. Albatta masalaning tez hal etilishini kutmaslik kerak, bunga vaqt ketadi, ammo natija bo'lishi aniq," deydi Shoda Islom.

Germaniya va Fransiya Eron yadro dasturidan voz kechmasa, unga nisbatan qattiqroq sanksiyalar joriy etishini bildirgan, ammo yevropalik tahlilchiga ko'ra, Yevropadagi ko'p davlatlar Eron nefti va gaziga muhtoj bo'lgani sabab, bunday choralarga ko'nmaydi.

"Eronda saylovlar kutilmoqda. Eron ichida bir-biriga raqobatchi bo'lgan ko'plab guruhlar mavjud. Ular hozircha o'zi bilan o'zi ovora bo'lgani uchun Obama ma'muriyatiga javobni darhol bermaydi deb o'ylayman," deydi Shoda Islom.

XS
SM
MD
LG