Breaking News

Juma kuni Afg'oniston bo'yicha strategiya ma'lum bo'ladi


Prezident Barak Obama juma kuni Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyaning ba'zi xususiyatlarini e'lon qilishi kutilmoqda. Uning aytishicha, urushni yolg'iz harbiy yo'l bilan yutib bo'lmaydi. Strategiyada iqtisodiy va siyosiy vositalarni ham qo'llash ta'kidlanishi taxmin qilinmoqda.

"Mamlakatimiz osoyishta bo'lishi uchun, hayot uslubimiz o'zgarmasligi uchun, xalqaro sahnada tartibni ushlab turish uchun Afg'onistonda terrorchilarni mag'lub etish lozim," deydi Obama.

NATO qo'mondoni general Jon Kreddokning aytishicha, Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishish uchun alyans ish uslubini o'zgartirishi kerak. Kreddok bu haqda Senat Qurolli kuchlar qo'mitasida hisobot bergan.

NATOga a'zo davlatlar Afg'onistonga yetarlicha qo'shin ajratmagan. Mahalliy armiyani kuchaytirish uchun va'da qilingan pul ham to'laligicha berilmagan, deydi NATO generali.

NATO kelajakdagi operatsiyalarda ikkiga bo'linib qolmasligi uchun Afg'oniston tajribasidan saboq olishi lozim, deydi u. Aks holda ba'zi a'zo davlatlar asosiy ishni qilib, boshqalar qo'l qovushtirmoqda.

"Blok ichida bu kabi bo'linish uni zaiflashtiradi," deydi Kreddok.

Qo'shma Shtatlar Afg'onistonga qo'shimcha 17 ming askar jo'natmoqda. General Kreddok nazarida ular jangarilar faol janubga yo'llanadi.

"Hududlarni jangarilardan tozalab, taraqqiyot va tiklanish ishlari uchun ularni nazorat etishga kuchlar yetarli emas," deydi NATO rasmiysi.

Kelasi hafta Fransiya va Germaniyada alyansning 60 yilligiga bag'ishlangan tadbirlarda NATOning Afg'onistondagi missiyasi kengroq muhokama etiladi.

XS
SM
MD
LG