Breaking News

Hukumat erkinlikdan tahdid yasashda davom etmoqda


Yaqinda muxolifat a'zosi, O'zbekiston Oliy Kengashining sobiq deputati Murod Jo'rayev Zarafshondagi qamoqxonada jazo kamerasiga tashlangan.

Murod Jo`rayevga qamoqxonada qo`shib berilgan jazo muddati shu yilning 14 avgustida tugashi kerak, biroq muxolifatchining ozodlikka chiqishi gumon ostida.

“Qamoqxonaga borgan edim. Uchrashuvga kelganlarning hammasiga ruxsat berdi, lekin meni chaqirib “opa, sizga ruxsat yo`q, u kishi izolyatorga tashlangan” deb aytdi. Ertalab to`qqizlarda esa hozir boshliq yo`q, Toshkentdan komissiya kelgan” deyishgan edi. Shu komissiya izolyatorga tashlagan, qo`shimcha yil berish uchun. Muddatlari 14 avgustda tugashi kerak edi”, - deydi Jo`rayevning turmush o`rtog`i Xolbeka Jo`rayeva.

Murod Jo`rayev 1994-yilda terrorchilik harakatiga aloqadorlikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Uning birinchi jazo muddati 1999-yilda tugagan, biroq keyinchalik muhlat bir necha bor uzaytirilgan.

Bu Jo’rayevning muxolifat safidagi faoliyati bilan bog`liq ko`riladi.

Huquq himoyachisi Suhrob Ismoilov Murod Jo`rayev ustidan so`nggi sud ishini yaqindan kuzatgan.

“Uch yil avval avgust oyida Olmaliqdagi qamoqxonada Jo`rayevga qamoqxona ichki tartibiga bo`ysunmaslik degan ayblov qo`yilib, jazo muddatiga uch yil qo`shib berilgan edi. Murod Jo`rayevning turmush o`rtog`iga u kishining yana izolyatorga tashlangani haqida aytishibdi. Demak, muddat oz qolganida yana qo’shib berishlari rejalanayapti deyish mumkin. Chunki bundan avval shu holat kuzatilgan edi. Odatda, siyosiy mahbuslar ishidan kuzatish mumkinki, bunday paytda ularga nisbatan turli soxta, uydima ishlar yasaladi”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Xolbeka Jo`rayevaning aytishicha, 15 yildan buyon qamoqda o`tirgan turmush o`rtog`ining salomatligi keskin yomonlashgan.

“Bilmadim, yana qancha chidashlari mumkin”, - deydi Jo`rayeva.

O`zbekistonda siyosiy erkinlikka oid vaziyat og`irlashib bormoqda. Dunyoviy muxolifatga ham, diniy e`tiqod erkinligiga nisbatan ham tazyiqlar kuchaygan.

Yaqinda “Nurchilar” diniy oqimiga a`zolikda ayblangan jurnalistlar ustidan navbatdagi hukm e`lon qilindi.

“Yetti iqlim” gazetasining ikki jurnalisti Shavkat Ismoilov va Davron Tojiyevlarga sakkiz yildan qamoq jazosi berildi. Jurnalistlar bilan birga sudlangan namanganlik imom Mamamdali Shahobiddinov 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Bundan avval “Irmoq” jurnalining besh xodimi sakkiz yildan 12 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Jurnali xodimlari diniy ekstremizm bo`yicha qo`yilgan ayblarni rad etgan.

Sharhlovchilar fikricha, “Nurchilar” diniy oqimining ekstremistik tashkilotlarga aloqasi yo’q.

“Terrorchi, radikal tashkilotlar haqida e`lon qilingan xalqaro miqyosdagi ro`yxatlarda “Nurchilar” yo`q. Turkiyada bu normal voqea, ularning o`z qarashlari, o`z obro`si bor. “Nurchilar” yetakchisi Fatxulla Guli bilan O`zbekiston munosabatlari 2007 yilda ham juda yaxshi bo`lgan. Uning O`zbekistondagi bayramlar munosabati bilan yo`llagan tabriklari “Xalq so`zi”, “O`zbekiston ovozi” kabi gazetalarda e`lon qilib borilgan. Avdokatlar bu narsalarni sudga ham taqdim qilishdi”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Sharhlovchilar nazarida mamlakatda dunyoviy muxolifat shakllanishiga ruxsat berilmayotgani diniy muxolifat kuchayishiga xizmat qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG