Breaking News

Bu yil iqtisodiy jihatdan og'ir davr bo'ladi


Dunyoning eng yirik iqtisodiyoti bo’lmish AQShda ayrim banklar yana daromad ola boshlagani xushxabar ekani shubhasiz.

"Tuzalish tomon ilk kichik qadamlar",- deydi Xalqaro Valyuta Jamg’armasi rahbari Dominik Strauss-Kan.

"Lekin 2009 yildan ijobiy natija kutmang. Moliyaviy inqirozning eng xunuk oqibatlari joriy yilda namoyon bo’ladi. Mintaqaviy emas, ilk global bo’hron bilan yuzlashib turganimiz bugun barchaga ayon".

"Tanglikdan imkon qadar tezroq chiqish",- deydi Strauss-Kan, "dunyo miqyosida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar qanchalik kuchli va bir-biri bilan uyg’un ekaniga bog’liq. Inqiroz ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Dunyo bozorida talab pasaygani bois savdo-sotiq ko’lami kamayib bormoqda".

2050 yilgacha jahon bo’ylab kambag’allikni 50 foizga qisqartirish mo’ljallangan. Bu yo’nalishda hozirgacha erishgan yutuqlarimiz xavf ostida.

Moliya-kredit bozori va banklar faoliyati izga tushmas ekan, Strauss-Kan nazarida dunyo bo’ylab mahsulotga talab pasayib boraveradi. Bu o’z navbatida millionlab odamni qashshoqlikka yetaklaydi.

Yaqinda Londonda, 20 ta yirik davlat ishtirokida o’tgan sammitda yagona yondashuv haqida kelishib olingani ijobiy hol, deydi u.

"Ijobiy yangiliklar yo’q emas. Moliyaviy vaziyat hozirga kelib biroz yaxshilangan. 2010 yilning ikkinchi yarmiga borib, iqtisodiyot yurishib ketadi degan umiddamiz",- deydi Strauss-Kan.

Xalqaro Valyuta Jamg’armasi bu yil jahon iqtisodiyoti bir foizgacha qisqarishini bashorat qilmoqda. London kelishuviga ko’ra, krizisdan qattiq aziyat chekkan davlatlarga jamg’arma hisobidan yordam oshiriladi.

Qo’shma Shtatlar inqiroz takrorlanishining oldini olish maqsadida bank-moliya tizimi ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. O’tgan yili AQSh ipoteka bozorida boshlanib, dunyo miqyosida tarqalgan inqiroz tizimni tubdan isloh qilish zarurligini ko’rsatdi.

Aksiyalar qiymatining halokatli darajaga tushib ketgani, banklardagi tanglik, bankrot hollari AQSh moliya tizimidagi nuqsonlarni fosh etdi.

"Zamon islohotlar talab qilmoqda", -deydi Moliya vaziri Tim Gaytner.

"Shubhasiz, so’nggi 70 yil ichidagi eng katta moliyaviy krizis bilan yuzlashib turibmiz. Manaman degan yirik banklar quladi. Moliya tizimiga bo’lgan ishonch yo’qoldi".

AQSh bosh g’aznachisi qonunchilarga mamlakatni bu og’ir davrdan olib chiqish va eng muhimi kejalakda inqirozlarni bartaraf etish rejasini tadqim etgan.

"Moliya bozorining yangi tartib-qoidalari oddiy, biroq effektiv bo’lishi zarur. Bir vaqtning o’zida ham iste’molchi, ham sarmoyachini himoya qiluvchi barqaror tizim yaratamiz",- deydi Gaytner.

Moliya vaziri ilgari surayotgan dasturga ko’ra, federal hukumatga zarur bo’lganda xususiy kompaniyalarni tekshirish, nazorat qilish va ularga yordam berish funksiyasi topshiriladi. Yaqinda hukumatdan 180 milliard dollar miqdorida yordam olgan “AIG” sug’urta kompaniyasi shu hisobdan ishchilariga mukofot puli bergani ma’lum bo’ldi.

“O’zi bu kompaniya yordam berishga arzirmidi?”, - deb so’raydi ayrim qonunchilar.

"Gap shundaki",- deydi vazir Gaytner, "ayrim kompaniyalar shu darajada kattaki ular cho’ksa butun tizim ishdan chiqadi. Shu bois ularni boshqarib turadigan mexanizmlar joriy etgan ma’qul."

Vakillar Palatasining Moliya qo’mitasi raisi Barni Frank bugundan saboq olib, uzoq muddatli choralar ko’rish kerak deydi.

"Ayrim moliyaviy kompaniyalar tanazzuldan katta zarar ko’rib, bankrotga yuz tutdi. Yordamga loyiq topilganlari esa soliq to’lovchilar oldida javobgar ekanini unutmasligi lozim",- deydi qonunchi.

Barak Obama iqtisodiyotda ijobiy o’zgarishlar bor, lekin inqirozni yengish uchun vaqt kerak, deydi.

XS
SM
MD
LG