Breaking News

Mahbuslarni so'roq qilishga doir hujjatlar oshkor etilmoqda


Prezident Barak Obama Bush ma'muriyatining terrorizmda gumon qilingan mahbuslarni so'roqqa tutishda ba'zi keskin usullardan foydalanish amaliyotiga doir hujjatlarni jamoatchilikka ayon qilish qarorini himoya qilmoqda. Tanqidchilar nazarida bu qaror mamlakat razvedkasi faoliyatini zaiflashtirishi mumkin. Markaziy Razvedka Boshqarmasi xodimlari bilan uchrashgan prezident Obama esa "Amerika tarixda yaxshi iz qoldirishi kerak" deydi.

Obama jami to'rt hujjat oshkor etilsin deya buyruq bergan. Ular Bush prezidentligi davrida Adliya vazirligi tomonidan tayyorlanib, so'roq paytida mahbuslarni uyqudan ayirish, yalang'ochlash, suvga cho'ktirish kabi usullar qo'llanilishi mumkin deya xulosa chiqargan.

Amerika yuqori ahloqiy normalarga javob berishi kerak, deydi prezident.

"Men bu amaliyotga chek qo'ydim. Chunki qudratimizni qadriyatlarimiz bilan birga ishga solgandagina mamlakatimiz barqarorroq bo'ladi. Qonun ustuvorligi ta'minlanishi kerak," deydi Obama razvedka boshqarmasi xodimlariga murojaat etib.

Amerika xatolarini tan ola bilishi kerak, deydi AQSh rahbari.

"Shunga qodirligimizdan va xatolarni tuzatishga tayyor ekanimizdan faxrlanaman. Siz ham bundan faxrlanishingiz lozim," deydi Obama.

Ba'zi xabarlarga ko'ra, Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Leon Panetta Bush ma'muriyati hujjatlarining jamoatchilikka oshkor etilishiga qarshi bo'lgan. Respublikachi qonunchilar Obamani buning uchun tanqid qilgan.

Jorjiya shtatidan senator Saksbi Shamblisning aytishicha, Obama bu bilan Bush ma'muriyatiga qarata ataylab tosh otgan.

"Hujjatlar sinchkovlik bilan tuzilgan. U yerda tilga olingan usullar faqatgina favqulodda holatda ishga solinsin deyilgan," deydi senator.

Obamaning qarorini sobiq vitse-prezident Dik Cheyni ham tanqid ostiga olgan. Prezident Obama hukumat ko'rsatmasi asosida so'roq qilgan agentlar javobgarlikka tortilmaydi deydi.

XS
SM
MD
LG