Breaking News

Gripp pandemiyasi xavfi: vaksina topish ishlari avjida


Dunyoda cho’chqa grippi infeksiyasi bo’yicha epidemik vaziyat yomonlashar ekan, Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti tahdid darajasini yana bir pog’onaga ko’targan. Kasallik aniqlangan davlatlar soni 12 taga yetdi. Pandemiya ehtimoli kuchayib bormoqda.

Meksikadan chiqqan virus hozirgacha Peru, AQSh, Kanada, Ispaniya, Britaniya, Shveytsariya, Avstriya, Germaniya, Isroil va Yangi Zelandiyaga yetib borgan. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti rahbari Margaret Chen gripp tezlikda katta geografik hududlarni qamrab olib, aholi hayotiga tahdid solayotgani haqida ogohlantirgan.

“Hukumatlar, sog’liqni saqlash muassasalari, farmatsevtika sanoati va biznes ahli kasallikka qarshi chora-tadbirlarni, profilaktika va dezinfeksiya ishlarini kuchaytirishi lozim”, - deydi tashkilot rahbari. “Cho’chqa virusi qator hollarda nihoyatda og’ir asoratlar, jumladan pnevmoniyaga sabab bo’lishi mumkin. Davlatlar bunga tayyor tursin”.

Virusni o’rganayotgan shifokorlarning aytishicha, bu kasallik – tarkibida parranda, cho’chqa va inson grippi genlari bo’lgan gibrid. Yuqtirgan odamda oddiy grippga xos alomatlarni ko’rasiz. Bemor aksirganida yoki yo’talganida uni atrofdagilarga tarqatishi mumkin.

AQShda bemorlar soni 11 shtatda, 100 nafardan oshdi. Hozirgacha bir kishi, 2 yoshli go’dak jon bergan. Virus o’chog’i hisoblangan Meksika bilan chegaradosh Texas shtatida aksariyat maktablar yopiq. Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, sarosimaga o’rin yo’q, lekin vaziyat hushyorlik talab etadi.

Ayrim qonunchilar AQSh-Meksika chegarasini yopish taklifini olg’a surar ekan, Ichki xavfsizlik vazirasi Janet Napolitano fikricha bu yordam berishi amrimahol. “Tahlil va xulosalarga ko’ra”, - deydi u, “chegara va dengiz portlarini yopish uncha effektiv chora emas”.

Har kuni minglab odamlar piyoda va transportda o’tadigan, qolaversa savdo chaqqon chegara hududida hozircha virus aniqlanmangan. Tijorat to’xtab qolishi har ikki mamlakatni tashvishga solmoqda. Meksika rasmiylarining bayon qilishicha, restoran va bizneslarning yopilishi poytaxt Mexiko iqtisodiyotiga kuniga 57 million dollar zarar keltiradi.

AQSh Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, oddiy grippga qarshi dorilar - Tamiflu va Relenza bu yangi virusga qarshi kuchli vositalar. Lekin yangi vaksina qachon tayyor bo’lad?

Ilmiy izlanishlar boshlab yuborilgan, lekin bu uzoq va murakkab jarayon. Mutaxassislar cho’chqa grippiga yil oxiriga qadar davo topiladi demoqda. Hozircha esa profilaktikaga zo’r berilmoqda. Gigiyenaga qat’iy rioya qilish, qo’lni tez-tez yuvib turish, aksirganda og’iz-burunni yopish tavsiya etiladi.

Kasallikning asosiy belgilari - qattiq yo’tal, holsizlik, harorat ko’tarilishi, mushak va bo’ginlar og’rishi va hokazo. “Umuman, grippga chalindim deb o’ylagan har bir shaxs darhol shiforkorga murojaat qilishi lozim”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG