Breaking News

AQShda terrorizm bo'yicha yangi hisobot chiqdi


AQSh Davlat departamentining terrorizm bo’yicha chiqargan yangi hisobotida al-Qoida hali ham Amerikaga tahdid sifatida ko’rilmoqda. Hujjatda keltirilishicha, o’tgan yili Pokistonda terror xurujlari ikki baravarga oshgan.

Davlat departamenti hisobotiga ko’ra, al-Qoida Pokistonda terrorchilarni tayyorgarlikdan o’tkazib, G’arbga qarshi yangi xurujlar rejalashtirmoqda va Afg’onistonga jangarilarni yo’llamoqda.

Toliblar poytaxt Islomoboddan 100 kilometr narida faollashar ekan, Qo’shma Shtatlar Pokistondagi vaziyatdan tobora tashvishda.

Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurash idorasi rahbari Ronald Shlixerning aytishicha, tahdid kuchayib boryapti.

"AQSh va xalqaro hamkorlar muammoni hal qilish yo’lini topishi, Pokiston hukumatiga xavfsizlikni yaxshilashda yordam berishi zarur," deydi rasmiy.

Hujjatda jahon bo’ylab terror xuruji qurbonlari o’tgan yili 30 foizga kamaygani ta’kidlanadi. Bu Iroqda al-Qoidaga aloqador guruhlarning yengilishi va mamlakatni tark etishi bilan bog’liq.

Shlixerning aytishicha, jahon hamjamiyati terrorga qarshi kurashda yutuqlarga erishmoqda.

"Al-Qoidaning Iroq va Pokistondagi rahbarlari yo’q qilindi va boshqa yetakchilari qochishga va yashirinishga majbur. Bir necha mamlakatda aksil-terror qonunlar qabul qilindi," deydi davlat departamenti rasmiysi.

Hisobotda Eron terrorizmni qo’llab-quvvatlovchi davlat sifatida tilga olinadi. Rasmiy Tehron mintaqadagi manfaatlarini olga’ surish maqsadida Iroqda xavfsizlik kuchlari va fuqarolarni nishonga olayotgan guruhlarni qurol-yarog’ va portlovchi moddalar bilan ta’minlayotgani aytiladi.

Terrorchilar o’z mafkurasini yoyishda ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanmoqda va Qo’shma Shtatlar bunga qarshi chora ko’rishi lozim, deydi Shlixer.

"Biz harakatlari markazdan boshqarilmaydigan, har bir muhitga tez moslashuvchi, targ’ibotning ilg’or usullaridan foydalanuvchi dushmanga qarshi kurashyapmiz. Internet – ularning asosiy propaganda quroli," deydi Shlixer.

Davlat departamenti hisobotida O’zbekistondagi vaziyat ham yoritilgan. Unda aytilishicha, O’zbekiston hukumati terrorizmga qarshi choralarni kuchaytirgan. Ammo qashshoqlikning kuchayishi va dindorlarga qarshi repressiv siyosat ekstremizmning kelib chiqishi uchun muhit
yaratmoqda, deyiladi hujjatda.

XS
SM
MD
LG