Breaking News

Pxenyan muloqotdan qochib, yadro salohiyatini oshirmoqda


Shimoliy Koreya o’tgan oy samoga sun’iy yo’ldosh uchirganini ta’kidlasada, G’arb harbiy ekspertlari nazarida Pxenyan aslida qit’alararo ballistik raketani sinovdan o’tkazgan.

Bu mamlakat haqida gap ketganda, ko’pchilik yadro muammosi va bu boradagi xalqaro bahs-munozara va tortishuvlarni tilga oladi. Muammo 15 yildriki yechimini topmay kelmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari Shimoliy Koreyaga ballistik raketa yaratish va uchirishni taqiqlaydi. Pxenyan 5 aprel kuni sinovni amalga oshirib, rezolyutsiya talablarini buzganlikda ayblanmoqda.

“Taepodong-2” raketasi, mutaxassislar hisobicha, qariyb 4,5 ming kilometr masofaga ucha olsa, demak AQShning Gavayi orollariga yetib kelish ehtimoli bor.

Atom qurollari bo’yicha ekspert Pol Kerrolning tushuntirishicha, “samoga sun’iy yo’ldosh uchirganda ham, boshqa bir qit’adagi jism nishonga olinganda ham raketa 3 yoki undan ortiq bosqichdan o’tadi. Har biri moslamani belgilangan manzilga yetkazishda muhim rol o’ynaydi”.

Olim so’zlariga ko’ra Shimoliy Koreya misolida faqatgina ilk bosqich muvaffaqiyatli o’tgan, xolos. Raketa Tinch okeaniga qulagan. Ammo rasmiy Pxenyan buni rad etadi. Sinov nega aynan bugun o’tkazilgani borasida turlicha qarashlar mavjud.

Deyvid Key, Xalqaro Atom agentligi sobiq bosh inspektori nazarida, Shimoliy Koreya jahon jamoatchiligi diqqat-e’tiborida bo’lishni, xususan AQSh va Xitoy bilan savdolashib yordam olish, shu bilan birga obro’-nufuzini oshirishni istaydi.

Yana bir mutaxassis, Jim Volsh deydiki, Shimoliy Koreyaning kuchdan qolgan rahbari, 68 yoshli Kim Chen Ir o’z o’rniga voris tayinlashga hozirlik ko’rmoqda. “So’nggi paytda mamlakat siyosiy doiralarida ro’y berayotgan o’zgarishlar ham shu jarayon bilan bog’liq”.

Shimoliy Koreya raketa parvozlarini amalga oshirishga haqli ekanini ta’kidlasada, BMT Xavfsizlik Kengashi uni qonunbuzarlikda ayblab, qo’shimcha sanksiyalar joriy etdi. Pxenyan 2003 yildan beri davom etayotgan olti tomonli muzokaralarni tark etib, xalqaro inspektorlarni mamlakatdan haydab chiqardi va navbatdagi yadro sinovi haqida ogohlantirmoqda.

“Atom qurolining tarkibiy elementlarini qo’lga kiritishning ikki yo’li bor”, - deydi Deyvid Key. “Uranni boyitish hamda Shimoliy Koreya rejalayotgan - plutoniyni qayta ishlash dasturi. Biroq mamlakatning asosiy yadro inshooti - Yongbyon obyektini tiklash uchun 2 yilcha vaqt ketadi. Rasmiy Pxenyan, sal avval, bu inshootni iqtisodiy yordam evaziga qismlarga ajratib buzgan edi”.

Bugungi kunda Shimoliy Koreya ixtiyorida kamida 12 ta atom raketasi borligi taxmin qilinadi. Hozir eng dolzarb masala, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan tahlilchilar, Pxenyanni ko’p-tomonlama muzokaraga qaytarish.

Tanqidlar ketidan Shimoliy Koreya - AQSh, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Janubiy Koreya bilan aloqalarni cheklab qo’ygan.

XS
SM
MD
LG