Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada demokratiyani targ'ib qilish va jamiyatlarni islohotga chorlash maqsadida demokratiya, inson huquqlari va siyosiy o'zgarishlar yo'lida jonbozlik ko'rsatayotgan yosh professionallar uchun almashinuv dasturlari tashkil qilgan.
Freedom House, ya'ni Ozodlik uyi nodavlat tashkiloti uyushtirgan dasturga muvofiq, yaqin sharqlik yosh professionallar AQSh va Yevropada bo'lib, demokratiya qurish bobida saboq oladilar. AQSh Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi dasturga moliyaviy tomondan yordam bermoqda.
Freedom House vakili Daniel Kalingertning aytishicha, birinchi bosqichda Misrdan 17 nafar yosh faol tanlangan.
"Ishtirokchilar turli kasb egalari. Huquq himoyachilari, advokatlar, ayollar huquqi faollari, jurnalistlar, bloggerlar. Ularning barchasi islohot tarafdori bo'lib, Misrda yorqin kelajakka umid bilan qaraydi," deydi Kalingert.
Dastur 5 haftaga mo'ljallangan bo'lib, ishtirokchilar G'arbdagi hamkasblari bilan fikr va tajriba almashadi.
Mey Kosba Misrdagi nodavlat Yoshlar va taraqqiyot institutida yosh faollar bilan ish olib boradi. Endi esa dastur doirasida AQShda yoshlar bilan ishlash qanday yo'lga qo'yilganligini o'rganmoqda.
"Misrda ishsiz yoshlar ko'p. Ular ham kelajakdan umidvor. Olgan bilimlarimni ishga solib, faolligimizni kuchaytiramiz. Ayni damda odamlar bilan muloqot qilish, muammo va ehtiyojlarni tahlil qilib, jamiyatni bundan xabardor etish yo'llarini o'rganyapmiz," deydi u.
Ola Fahmi misrlik yana bir ishtirokchi. Yaqinda tuzilgan Islohot va taraqqiyot partiyasida siyosiy tahlil bilan shug'ullanadi. U Ogayo shtatidagi tahlil institutida yoshlarni siyosiy jarayonlarga jalb qilish usullaridan saboq olmoqda.
"Biz Misrda xalqqa murojaat qilganda islohotlar va mafkura haqida murakkab ma'ruzalar qilamiz. Bu yerda esa bizga odamlar bilan oddiy tilda gaplashishni o'rgatishyapti. Xalq tilida," deydi Fahmi.
Freedom House tashkilotiga ko'ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar ko'p hollarda aniq rejasiz ishlaydi, islohot dasturi mavhum. Aniq reja asosida ishlash o'rniga, mafkuraviy bayonotlar va anjumanlarga ko'proq e'tibor qaratiladi, deydi tashkilot.
"Dasturning Jorjiya shtatidagi Karter markazida tayyorgarlikdan o'tayotgan yana bir ishtirokchisi Maged Sorurning aytishicha, misrlik faollarning aksariyati xalqaro tajribaga ega emas. Programma bizga yangi eshiklarni ochmoqda," deydi u.
Qatnashchilarni amaliyotdan so'ng ham qo'llab-quvvatlash, ular bilan aloqa qilish maqsadida faollarga AQSh va Yevropadagi qonunchilar, sobiq elchilar, olimlar va jurnalistlar ustoz sifatida biriktirilgan. Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazining Yaqin Sharq dasturi direktori Jon Alterman ana shunday ustozlardan biri.
"Biz ularga ilhom, g'oya, maslahat berishimiz mumkin, ammo harakat ularning o'zidan bo'lishi lozim. Shundagina o'zgarishlarni amalga oshirish mumkin," deydi Alterman.