Breaking News

Dunyo Shimoliy Koreya yadro sinovini qoralamoqda



Jahon ahli Shimoliy Koreyaning bugungi atom sinovini qoralamoqda.

AQSh rahbari Barak Obama Pxenyanni dunyo tinchligiga raxna solayotganlikda, xalqaro qonunlarni buzayotganlikda ayblamoqda. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham shu kabi bayonot bergan.

Janubiy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashidan Shimoliy Koreyaning so’nggi yadroviy sinovini qoralab, keskin bayonot bilan chiqishni talab qilmoqda. AQSh Janubiy Koreyani bu borada quvvatlamoqda.

Janubiy Koreya hukumati nazarida qo’shni davlatning bugungi atom sinovlari Koreya yarimorolini zir titratib, butun aholini sarosimaga solib qo’ygan.

Janubiy Koreyaning yuqori lavozimli rasmiysi Li Dong-Kvan deydiki, AQSh, Yaponiya, Xitoy va Rossiya Pxenyanga qarshi kuchli chora ko’rishi shart.

Shimoliy Koreya shimoli-sharqida bugun atom quroli sinovi natijasida yer qimirlagan. Zilzila 4,5 balda yuz bergani kuzatilgan.

Shimoliy Koreya davlat televideniyesi yerosti sinovi o’tkazilib, mamlakatning yana bir qudratli quroli testdan muvaffaqqiyatli o’tgani haqida bong urmoqda.

Bu singari qurollar, deydi Pxenyan rasmiylari, “ davlatimizni xavfdan asraydi”.

Shimoliy Koreya 2006 yilda shunday sinov o’tkazgan va BMT Xavfsizlik Kengashi unga qator cheklovlar qo’ygan edi. Biroq mamlakat o’tgan oydan beri atom sinovlariga zo’r berib, uzoq masofani nishonga oluvchi raketalarini ham sinab ko’rdi.

Hozirda xalqaro inspektorlar Shimoliy Koreyadan chiqarib yuborilgan va Pxenyan atom maqsadlari haqida xalqaro hamjamiyat bilan gaplashishdan bosh tortmoqda. Atom inshootlarini qayta ishga tushirmoqda.

Koreys professori, siyosatshunos olim Li Jung-Un fikricha bu davlat bugunga kelib hech kim va hech narsadan hayiqmaydi.

“Shimoliy Koreya hukumatining o’ziga ishonchi baland. Uning nazarida dunyo ahli bu tuzumga qarshi baribir hech qanday chora ko’ra olmaydi, faqat ogohlantirishi yoki qoralashi mumkin xolos”,- deydi olim.

“Chunki”,- deya mulohaza bildiradi bu tahlilchi, “xalqaro hamjamiyat orasida bu borada birdamlik, yagona fikr mavjud emas”.

"BMT Xavfsizlik Kengashi global tinchlik yuzasidan bir qarashga kelmas ekan, bunday tahdidli harakatlar davom etaveradi",- deydi bu ziyoli.

XS
SM
MD
LG