Breaking News

O'zbeku-tojik chegarada yer talashmoqda


Tojikiston-O’zbekiston chegarasining ayrim qismlarida haligacha demarkatsiya qilinmagan hududlar bor.

Mutaxassislar nazarida aynan o’sha joylarda mavjud muammolar yanada chigallashib, ikki davlat o’rtasida katta nizoga sabab bo’lishi mumkin.

Tojikiston-O'zbekiston chegarasi yaqinida "Plotina" qishlog'ida uch mingga yaqin aholi yashaydi. Bu yerda Sirdaryodagi Farhod GESining asosiy to'g'oni joylashgan.

Bu esa O'zbekiston uchun muhim strategik inshoot hisoblanadi. Qishloq ham, tog’on ham Tojikiston territoriyasida.

Qishloqlik Nurillo ota Hakimov o'rtadagi muammolar mustaqillikdan so'ng paydo bo'lganini, o'rtada chigal masala ko'pligini aytadi.

“Mustaqil bo'lib, seniki-meniki deb o'zbek-tojik kelishmay qoldi. Hozir shu yerda ayirmachilik bo'lmoqda. Bizga "ketinglar" ham dedi”, - deydi Hakimov.

Shu atrofdagi 4-o'rta maktabda 400ga yaqin o'quvchi saboq oladi. 270 tasi o'zbek fuqarolar farzandlari.

Maktab direktori Muhabbat Ortiqova o'rtadagi ajratishlar 2007 yilda boshlangan, deydi.

“2007-2008 yillarda qishloq jamoati raisasi, yana rayondan ikkitasi kelib O'zbekistonda saylov paytida nomzodlarning portretini yulib ketishgandi. "Maktabni bo'shatasizlar, Tojikistonning yeri" deydi. Bizga o'xshagan 7 viloyat bor ekan, mana shunday chegara hududlarida. Oldingi yili kelib, "pasportlaring bilan Tojikistonga o'tasizlar" deb butun mahallani vahimaga soldi,"- deydi o'qituvchi.

Asli tojikistonlik 77 yoshli Abdurazzoq ota Marufoqulov qishloqni O'zbekiston yeri deb biladi:
“Agar aholiga "ikki respublikadan birini tanlang" deyishsa, xalq O'zbekistonni deydi”.

"Plotina" qishlog'idagi “Jomiy” nomli mahalla fuqarolar yig'ini raisasi Noziya Akramova vaziyat yil oxirigacha hal etiladi degan umidda.

“Shu yilning uchinchi kvartali, sentyabr-oktyabr oylarida bu masala yechimini topishi kerak. Bu masalada hokim bilan adliya vazirligiga borganman. U yerda ham yirik komissiya ishlamoqda”, - deydi Akromova.

Nurillo ota Hakimov qishloqda uyma-uy yurib, "chiqib ketinglar" deb aytishayotgan rahbarlar tanqid qiladi. Uning fikricha, ikki mamlakat prezidentlari bu masalada bir to'xtamga kelmasdan bunday qilish noqonuniy.

"O'lsak, o'lamiz, qimirlamaymiz bu yerdan. Negakim, o'zimiz qurganmiz bu yerni. O’zbekiston yeriga yer bergan ekan Bo'ston, Zafarabod mavzelaridan -- 150 ming gektar yer", deydi Hakimov.

Yer masalasi yuqori idoralarda Tojikiston foydasiga hal bo'lgani va fuqarolikni qabul qilish qonuniy bo'lishi haqidagi izohni mahalliy aholi qabul qilmaydi.

“Bu masala tepada hal qilingan bo'lsa ham, baribir. Men Tojikistonga o'tdim deylik. Hozir misol, 200 ming o'zbek so’mida nafaqa olaman. Ijtimoiy ta'minotdagilar bilan maslahat qilinglarchi, nafaqamni topib bera oladimi Tojikistonda kerakli ministrlik? Yo’q, gap mana shunda”, - deydi pensionerlar.

"Boshqa davlat hududida yashamoqdasiz. Ikki respublikadan birini tanlashingiz kerak. Yuridik nuqtai nazardan noqonuniy holatdasiz" degan gapga ba’zilar har ikkala prezidentdan norozi ekanini aytadi.

“O'lganimcha O'zbekstonman endi. Chumchuqning uyi buzilmasin. Agar shunday bo'lsa, ikkala prezidentdan ham noroziman”, - deydi keksa otaxon.

Tojikistonning Spitamen tumani rasmiylari bu masala ikki yildan beri republikalararo komissiya taftishida ekanini, unga izoh berishga vakolati yo’qligini aytishadi.

O'zbekitonning Bekobod shahri aholisi ba'zan dafn marosimlarini chegaradagi Tojikiston qishloqlarida o’tkazib keladi.

“Bemorlarni xohlagan joyimizga olib boramiz. Xohlasak, Tojikiston, xohlsak O’zbekistonga. O'zbekiston fuqarosi bolsayam, Tojikiston darrov qaraydi”, - deydi Tojikistondagi o'rta maktabi direktori Ortiqova.

XS
SM
MD
LG