Breaking News

Afg'oniston janubida Tolibonga qarshi yirik operatsiya


AQSh harbiylari Tolibon faol Afg'oniston janubida yirik operatsiya boshlagan. Hilmand viloyatiga minglab amerikalik va yuzlab afg'on askarlar tashlangan.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya matbuot kotibi serjant Charlz Marshning aytishicha, "Xanjar" nomini olgan operatsiya avgustga belgilangan prezident saylovlari oldidan barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan.

Bu - Barak Obamaning Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasi e'lon qilinganidan beri ilk yirik amaliyot. Unda Afg'onistonga yaqinda safarbar etilgan 4 mingga yaqin amerikalik askar va 650 afg'on harbiysi ishtirok etmoqda. O'tgan hafta 500 ga yaqin britan askarlari ham viloyatni toliblardan tozalashga uringan. Hilmand yirik afyun markazi bo'lib, toliblarni mag'lub qilish qoradori sanoatiga ham zarba bergan bo'lardi.

Viloyat jangarilardan tozalangach, xavfsizlik afg'on kuchlari qo'liga o'tadi. Qo'shni Pokiston jangdan qochgan toliblarning uning hududiga kirishining oldini olish uchun chegaraga qo'shimcha askar safarbar etgan.

Tahlilchi Jorrit Kamminga operatsiya samarali bo'lishiga shubha qilmoqda. Hilmand bir necha bor qo'lga olingan. Mahalliy aholi ehtiyojlari qondirilmas ekan, operatsiyadan foyda yo'q, deydi u.

"Gap hududni ozod etib, uni ushlab turishda emas. Jangdan keyin nima ishlar qilinadi, taraqqiyot, gumanitar yordam sohasi bo'yicha aniq reja bormi, odamlar ishonchi qanday qozoniladi - mana shu savollarga javob topish kerak," deydi Kamminga.

AQSh kuchlari oldida turgan asosiy vazifa - operatsiyalar paytida tinch aholi orasida talofatning oldini olish.

AQSh kuchlarining mamlakatdagi yangi qo'mondoni general Stenli Makkristalga ko'ra, afg'onlar madaniyatiga hurmatni yo'qotmagan, ishga jiddiy yondashmagan, mas'uliyatni his qilgan holdagina xalq ishonchini qozonish mumkin.

"Shundagina urushda g'alaba qilish osonlashadi," deydi general.

Yangi strategiyaga ko'ra, Afg'onistonga qo'shimcha 21 ming askar va mutaxassislar safarbar etilmoqda. Yil oxirigacha AQSh kuchlarini 68 mingga yetkazish kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG