Breaking News

Obama: AQSh Rossiya bilan do'st bo'lishni istaydi


Barak Obama Rossiya yoshlari bilan muloqot qilar ekan, “Yadroviy qurollar XXI asrda insoniyatga eng katta tahdid solayotgan vositalar”, dedi.

AQSh rahbari Rossiyani jahon xavfsizligi va iqtisodiyotini mustahkamlash uchun birga ishlashga chaqirmoqda.

Barak Obama bugun ilk bor Vladimir Putin bilan uchrashdi va yuzma-yuz muzokara olib bordi. Muloqot ko’tarinki ruhda, iliq kechgan.

“Fikrimiz har sohada ham bir joydan chiqmasligi mumkin, lekin bir-birimizni tushunishimiz va hurmat qilishimiz kerak. Bu Amerika va Rossiya xalqi manfaatlari uchun birdek xizmat qiladi”,- deydi Obama.

Amerika prezidenti uchun xalq bilan bog’lanish muhim, chunki Rossiyada nafaqat AQShga balki uning yangi rahbariga ham salbiy qarashlar kuchli. Obama iqtisodiyot oliygohi talabalari bilan uchrashgan.

Barak Obama yoshlarga qarata “Amerika Rossiyaning kuchli, tinch va farovon jamiyat bo’lishini istaydi. Biz sizga dushman emas, hamkor davlat bo’lishni istaymiz”, degan.

Obama Kremldan ham, Rossiya ommasidan ham Amerikaga nisbatan sovuq urush davriga xoz munosabatda bo’lmaslikni so’ramoqda.

“Amerika va Rossiyada yangi davr va yangi avlod hukmron. Bugun faqat hamkorlik haqida gaplashishimiz kerak. Rossiya ham, biz ham na terrorizm, na ekstremizm va na zulm tarafdorimiz”,- deydi Obama.

Rossiya va AQSh orasidagi ayrim kelishmovchiliklarga to’xtalar ekan, Obama demokratiya va erkinlik, suverenitet va qonun ustuvorligi haqida ham gapirdi.

“Har bir davlat o’z rahbarini tanlash huquqiga ega ekan, ularning o’z chegaralarini himoya qilish va o’z tashqi siyosatiga ega bo’lishga ham haqqi bor”,- deydi Obama Gruziya va Rossiya orasidagi o’tgan yilgi urushga ishora qilib. Vashington bu urushni qoralagan, ammo Gruziya pozitsiyasini quvvatlagan edi. Obama Rossiyani NATO bilan ham til topishishga undamoqda.

XS
SM
MD
LG