Breaking News

AQSh matbuoti: Xitoy eski xatosini takrorlamoqda


Xitoy hukumati mayda elatlarni ezgani sari norozilik hissi ham kuchayib bormoqda. Ba’zilar nazarida bu hukumat o’tgan yili Tibet avtonomiyasida ro’y bergan qo'zg’olondan to’g’ri xulosa chiqarishi kerak edi. Ammo hukumat yana eski xatosini takrorlamoqda.

Shu yil kuzda Xitoyda kommunizmning 60 yilligi tantana qilinadi. Xitoy hukumati jamiyat farovon, iqtisod barqaror deya tuzumni ko’z-ko’z qilish niyatida.

Ammo, deb yozadi “The Washington Times” gazetasi, Shinjondagi so’nggi voqealar Xitoyni izza qilgani aniq. Qo’zg’olon Sharqiy Turkistonning Qashg’ar, Yili, Oqsu va boshqa katta shaharlariga ham tarqalgan.

Matbuot faqat xitoylar ko’rgan talofatni yoritib, uyg’urlar ahvoli haqida lom-mim demagan. Rasmiylar esa tinchlik va xavfsizlik haqida va’z aytish bilan band.

Hukumat qozg’olonni kuch bilan bostirdi. Kelgusi namoyish va to’polonlar ham shunday yakunlanishi muqarrar. Bu jangda hamisha kommunistik partiyaning qo’li baland kelgan deya yoritadi “The Washington Post”.

Uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan hudud neft va gaz zaxiralariga boy bo’lib, Xitoy hukumati mintaqani boy bermoqchi emas. Xitoylashtirish siyosati avjida. Natijada, deydi Xalqaro Amnistiya tashkiloti xodimlari, uyg’ur madaniyati, tili va dini xavf ostida. “The New York Times” gazetasida yozilishicha, minglab uyg’urlar terrorchi deya soxta ayblov bilan qamalib ketgan.

“The New York Times” Urumchidagi voqeani sharhlar ekan, Xitoy hukumati qo'zg’olon sababini sinchiklab o’rganishi kerak deb yozadi. Aks holda kommunistik partiya uzoqqa bormaydi. Biroq rasmiy Pekin mojaroga boshqa ko’z bilan qarab, sabab -- uyg’ur xalqining noshukurligida deb keladi.

“The Washington Post” va “The New York Times”ning bugungi sonida Uyg’ur milliy ozodlik harakati tarixi va uning faollari, jumladan, Robiya Qodir haqida bir necha maqola chop etilgan. Xitoy hukumati uni buzg’unchi, qonli namoyishlar ortida turgan shaxs deb biladi. Robiya Qodir bu ayblovni inkor etmoqda. “Hech vaqt, hech kimni isyon va zo’ravonlikka da’vat etgan emasman,” deydi Robiya Qodir “The Washington Post” nashriga bergan intervyusida.

AQSh matbuotida yozilishicha, Xitoy hukumati dialog emas, repressiya-bosim bilan ish bitirishga o’rgangan. Urumchida ham tinch boshlangan namoyish politsiya kelishi bilan to’polonga aylangan.

Xitoy xavfli vaziyatda texnologiya va matbuotdan unumli foydalanishni biladi. Bu safar ham matbuotda rasmiy xabar, rasm va videolavhalar keti uzilmadi. Hukumat o’z pozitsiyasini targ’ib qildi deb yozadi “The New York Times”.

“Human Rights Watch” tashkiloti xodimi Nikolas Bekelin fikricha, uyg’ur xalqi xitoylarga mustamlakachi-bosqinchi deb qaraydi. Xitoylarga ko’proq iqtisodiy sharoit yaratilgan, uyg’urlar orasida esa ishsizlik, kambag’allik darajasi baland. Neft-gaz sohasini asosan xitoylar nazorat qiladi.

50 yil oldin Shinjonda uyg’urlar ko’pchilikni tashkil etgan bo’lsa, bugun aholining yarmi xitoylar. Maktablarda uyg’ur tili sekin-asta yo’qolib bormoqda. 1990-yillardan beri universitetlarda uyg’ur tilida o’qitish to’xtatilgan. Urumchidagi Shinjon Universitetida faqat uyg’ur she’riyati shu tilda o’tiladi. 2006 yildan beri esa bog’chalarda faqat xitoy tilida muomala qilish mumkin.

Amerika Xitoy hukumatini Urumchidagi qozg’olonni puxta tergov qilishga, hibsdagilar huquqini e’zozlab, siyosiy yechim topishga undamoqda. Toki mayda elatlar, xoh uyg’ur, xoh tibetlik bo’lsin -- erkin yashay olsin. Xitoyda tinchlik va barqarorlikka erishishning yagona yo’li shu, deyiladi “The Washington Times”da chiqqan maqolada.

XS
SM
MD
LG