Breaking News

Kuzatuvchilar Qirg'izistondagi saylovlarni tanqid qilmoqda


Mahalliy kuzatuvchilar va muxolifat Qirg'izistondagi prezident saylovlarini tanqid qilmoqda. Ularga ko'ra, bu qadar soxtalashtirish va qonunbuzarliklar o'tgan saylovlarda kuzatilmagan.

Qirg'izistonda saylovchi huquqlarini himoyalaydigan uyushma rahbari Osiyo Sasikbayevaning aytishicha, asosiy qonunbuzarliklar qishloq joylarda ro'y berdi.

"Saylov uchastkalarida davlat mutasaddilari va militsionerlarni uchratish mumkin bo'ldi. Bu qonunga zid. Ba'zi saylov uchastkasi rahbarlari kuzatuvchilarni uchastkadan haydab, o'zini qo'pol tutdi. Bir kishi saylov qutisiga bir necha byulleten tashlaganini ko'rdik. Bir joyda qutiga hattoki 10 tagacha byulleten tashlashga harakat qilishdi," deydi kuzatuvchi.

Bundan tashqari, deydi Osiyo Sasikbayeva, saylovchilarni bir uchastkadan boshqasiga ommaviy ravishda ko'chirib, qayta ovoz berishgacha borildi. Ayrim uchastkalarda byulletenlar yetmadi, kuzatuvchilarimizdan biri kaltaklandi, deydi u.

"Kechga borib saylov uchastkalarida kuzatuvchilik qilayotgan muxolif nomzodlar vakillari tarqala boshladi, chunki muxolifatdan nomzod Olmosbek Atambayev matbuot anjumani uyushtirib, ovozlar soxtalashtirilayotganidan nolidi va saylovlarni boykot qildi. Ularning vakillari uchastkalarni erta tark etganidan so'ng," deydi kuzatuvchi Osiyo Sasikbayeva, "masalan, Batkenda qo'shimcha saylov qog'ozlarini olib kelishdi."

Qirg'iziston muxolifati saylov natijalarini inkor etmoqda. Ommaviy namoyishlar uyushtirib, qayta saylovlar o'tkazishni talab qilishini aytmoqda.

Respublikaning AQShdagi sobiq elchisi, ayni damda Yuta shtatida universitetda ilmiy ish olib borayotgan Baktibek Abdurisayevning aytishicha, saylov natijalari oldindan ma'lum edi.

Sobiq diplomatga ko'ra, saylovlar prezident Qurmanbek Bakiyev siyosatini yaqqol aks ettirgan, ya'ni markaziy hokimiyat kuchaytirilib, vaziyat to'liq nazorat ostiga olingan.

Baktibek Abdurisayev nazarida prezident Bakiyev Rossiyadan iqtisodiy yordamni o'z vaqtida olib, global moliyaviy krizis natijasida og'irlashgan ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatni yumshatishga muvaffaq bo'ldi. Oylik va nafaqalar bo'yicha qarzlar uzildi. Bu esa odamlarni Bakiyevga ovoz berishga undadi, deydi u.

Ba'zi kuzatuvchilar nazarida Qirg'izistonda saylov kuni va AQSh bilan Manas aviabazasi bo'yicha yaqinda imzolangan yangi bitim orasida bog'liqlik mavjud. Ushbu shartnoma bilan bazani Afg'onistondagi operatsiyalar uchun muhim deb biladigan AQShning qo'li bog'landi.

Amerikaning so'nggi paytda Qirg'izistondagi siyosiy jarayonlarga beparvoligi ham shu bilan bog'liq, deydi tahlilchilar.

"Qo'shma Shtatlar Bush davrida qabul qilingan siyosatni davom ettirmoqda. Pentagon Davlat departamentiga qaraganda Qirg'iziston masalasiga ko'proq qiziqish bildirgan. Buni tashriflardan ham ko'rsa bo'ladi, ya'ni AQSh Mudofaa vazirligi rahbari va rasmiylari Davlat departamenti vakillaridan ko'ra ko'proq respublikaga tashrif buyurgan. Obama ma'muriyati ayni damda Qirg'izistonga nisbatan siyosati qanday bo'lishi ustida bosh qotirmoqda," deydi Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi Baktibek Abdurisayev.

Siyosiy, diniy va xavfsizlik masalalari tadqiqoti bilan shug'ullanuvchi Bishkekdagi "Sedep" markazi eksperti Nuriya Kutnayeva saylovlarda kuzatuvchilik qilgan. Uning aytishicha, o'tgan yili saylov qonuniga kiritilgan tuzatishlar ovozlarni soxtalashtirishga yo'l ochib berdi.

"Ilgari saylovchi barmoqlari maxsus marker bilan belgilanar edi. Bu qoida bekor qilingach bir kishining bir necha bor ovoz berishiga imkon tug'ildi. Saylovchilar uchastkalarda nafaqat pasporti bilan, balki haydovchilik guvohnomasi va hatto talabalik guvohnomasi bilan ham ro'yxatdan o'tkazildi," deydi Kutnayeva.

Tahlilchiga ko'ra, saylov kampaniyasi davrida Bakiyevdan boshqa hech bir nomzodga matbuotda yetarlicha e'tibor berilmadi. Ko'chadagi siyosiy reklamaning deyarli 90 foizi amaldagi prezidentga bag'ishlangan, deydi u.

Muxolifat ommaviy namoyish qilishini aytayotgan bo'lsada, Nuriya Kutnayeva Qirg'izistonda Erondagi vaziyat qaytarilmaydi va tez orada Bakiyev raqiblari tinchlanadi deydi.

XS
SM
MD
LG