Breaking News

AQSh generali: Al-Qoida Iroqda hamon faol


AQSh qo’mondonlarining xulosa qilishicha, so’nggi payt al-Qoida Iroqda mavqeini tiklab olgan bo’lsada, mahalliy kuchlar zo’ravonlik yoyilishini bartaraf eta oladi.

“Mazhablar o’rtasida nizo chiqarish uchun al-Qoida yirik xurujlar rejalayotganini bilamiz”, - deydi general-mayyor Robert Kaslen.

Iroq shimolidagi vaziyatni izohlar ekan, generalning aytishicha xurujlar soni umumiy hisobda kamaygan. Deylik, Mosul shahrida haftasiga 42 dan 29 tagacha. AQSh harbiylari iyun so’nggida bu joylarni tark etgan edi.

Robert Kaslen Al-Qoida Iroqda hamon sezilarli ta’sir kuchiga ega ekanini tan oladi. “Guruh oxirgi payt iloji boricha ko’proq odamni o’ldirishga qaratilgan yirik xurujlarga zo’r beryapti. Mazhablarni bir-biriga qayrash uchun”, - deydi qo’mondon.

“Hozircha Iroq armiyasi terror tizimiga bosimni ushlab turish salohiyatiga ega. Buni amalda ko’ryapmiz. Har holda, 2006-2007 yillarda kuzatilgan zo’ravonlik ko’lamiga qaytmaymiz”.

Uzoq muddatda mahalliy kuchlar al-Qoidani qanchalik jilovlay olishi noma’lum. Kelasi yil mamlakatda AQSh qo’shinlari soni keskin kamayadi. Bori esa noharbiy vazifalarga jalb etiladi.

XS
SM
MD
LG