Breaking News

Turkiya Yevropa Ittifoqiga qachon a'zo bo'ladi?


Turkiya yarim asrdan beri Yevropa hamjamiyatiga a'zo bo'lishga harakat qiladi. NATO a'zosi - Turkiya haligacha buning uddasidan chiqmagan. Qit'aning nufuzli siyosiy arboblari va siyosatshunoslaridan tuzilgan guruh Yevropaning ba'zi davlat rahbarlarini Turkiya yo'liga g'ov bo'layotganlikda ayblaydi.

Turkiya bo'yicha mustaqil komissiyaga ko'ra, Yevropa Ittifoqining ba'zi rahbarlari Turkiya tashkilotga a'zo bo'lsa, qit'a qator muammolar bilan yuzlashadi, xususan immigratsiya, ish o'rinlari, islom dinining tarqalishi kabi masalalar bilan.

Ayb asosan Fransiya prezident Nikolya Sarkozi, Germaniya va Avstriyaga qo'yilmoqda.

Finlyandiya sobiq prezidenti va Nobel mukofoti laureati Marti Axtisaari raisligidagi mustaqil komissiya tarkibiga yetakchi siyosatchilar va olimlar kiradi.

"1999 yili Turkiyani a'zolikka nomzod deb belgilaganmiz. Unga ham barcha nomzodlarga qo'yilgan talablar taalluqli bo'ladi deb kelishgan edik, endi esa Turkiyani ajratib, Yevropa Ittifoqiga bo'lgan ishonchni shubha ostiga qo'yyapmiz," deydi Axtisaari.

Turkiyada Yevropaga nisbatan salbiy qarashlar kuchaymoqda, deyiladi komissiya hisobotida.

Istanbul ko'chalarida bunga ko'plab misollar ko'rish mumkin.

Bir ayolning aytishicha, yevropaliklar Turkiyaning o'ziga xos madaniyati, dini, turmush tarzini qabul qilgisi yo'q.

"Gap bizda, mamlakatimizda," deydi u.

Bilgi universiteti talabasi fikricha Yevropa Ittifoqi Turkiyaga boshqa nomzod davlatlardan farqli ravishda qaraydi.

"Bu norozilikni kuchaytirmoqda," deydi u.

Bunday adolatsizlik Yevropa Ittifoqi talab qilayotgan islohotlar ijrosini susaytirmoqda, deyiladi hisobotda.

Turkiya parlamenti Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi Suat Kiniklio'g'li bu fikrga qo'shiladi, ammo islohotlarni oxirigacha yetkazishga niyat qilganmiz deydi.

Jarayonni kelasi oylar ichida jadallashtiramiz. Albatta Parij va Berlindan kelayotgan sadolar ruhimizni tushirib, islohotlarga to'sqinlik qilishi mumkin, deydi turkiyalik deputat.

Tashkilotga a'zo bo'lish uchun Turkiya Yevropa Ittifoqi qonunchiligidagi 35 sahifaning barchasi bo'yicha muzokaralarni o'tkazib, qonunlarini muvofiqlashtirib olishi zarur. So'nggi to'rt yil ichida Turkiya 11 tasi bo'yicha muloqot ochgan. Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zo qo'shni Kipr bilan orolda yashovchi turklar maqomi bo'yicha turlicha qarashlari muzokaralarni qiyinlashtirmoqda. Turkiya Kiprning greklar yashovchi qismi bilan dengiz va havo yo'llarini ochishdan bosh tortib keladi.

Yevropa Parlamentining Turkiya bo'yicha qo'mitasi a'zosi Richard Xovitning aytishicha, rasmiy Anqara tez harakat qilmasa bo'lmaydi.

"Turkiyaning ittifoqqa a'zo bo'lishini istayotgan do'st sifatida islohotlarni tezlashtirishni tavsiya qilaman. Chunki Yevropadagi ba'zilar muzokaralarning boshi berk ko'chaga kirib qolishini istaydi. Shu sabab Kipr kabi masalalarda qaror qabul qilish qiyin bo'lsada, harakat qilish kerak," deydi Xovit.

XS
SM
MD
LG