Breaking News

Admiral Myullen Afg'onistonga qo'shimcha kuch yuborish tarafdori


AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Myullenning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda al Qoida va Tolibonni mag'lub qilishi uchun qo'shimcha askar yuborishi lozim.

Amerikada Afg'onistondagi urushga nisbatan norozilik kuchayar ekan, harbiylar vazifani bajarish uchun vaqt oz deydi. Admiral Myullenning Senat Qurolli kuchlar qo'mitasida hisobot berishicha, buning uchun qo'shimcha askarlar kerak.

"Busiz jangarilarga qarshi muvaffaqiyatli kurashib bo'lmaydi. Afg'on xalqini himoya qilish va davlat tizimini kuchaytirish vaqt va shijoat talab qiladi," deydi Myullen senatorlarga.

Admiral qancha askar kerakligini aytmagan, biroq uning fikricha kelasi hafta ichida AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal buni oydinlashtiradi.

Ayni damda AQShning Afg'onistonda 62 ming askari bor. O'tgan yilgidan ikki baravar ko'p. Yil oxirigacha ularning soni 68 mingga yetadi.

"Afg'oniston terror o'chog'iga aylangan. Al Qoidaning zaiflashgani rost, biroq guruh yo'qolmagan va jiddiy tahdid bo'lishda davom etmoqda," deydi Myullen.

Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi demokrat Karl Levin nazarida Afg'oniston armiyasi kuchaytirilmas ekan, amerikalik harbiylarni u yerga yuborishdan foyda yo'q.

"Afg'oniston armiyasi va politsiyasiga zarur resurslarni yetkazib, missiya muvaffaqiyatiga hissamizni qo'shishimiz kerak," deydi qonunchi.

Ba'zi kongressmenlar Obama ma'muriyatini Iroq urushidan saboq olishga, u yerda qo'shinlar soni oshirilganda zo'ravonliklar pasayganiga e'tibor berishga chaqirmoqda.

Qo'shimcha kuchlarni zudlik bilan safarbar etish kerak, deydi respublikachi senator Jon Makkeyn.

"Strategiya ijrosini kundan-kunga qoldirib, qo'shinlarni yordamga yubormay, Afg'onistondagi askarlarimiz hayotini xavf ostiga qo'yyapmiz," deydi Makkeyn.

XS
SM
MD
LG