Breaking News

Pokistonda harbiy qarorgoh jangari qamalidan ozod etilgan


Pokistonning Ravalpindi shahrida armiya qarorgohi Tolibon iskanjasidan ozod etilgan.

Jangarilar qo'rg'onda 30 dan ortiq odamni qariyb 24 soat garovda ushlab turdi. Yadroviy qudratga ega davlatda Tolibon xurujlarga zo'r berar ekan, xalqaro hamjamiyat vaziyatni keskin xavotir bilan kuzatmoqda. Qamalga qarshi maxsus xafsizlik kuchlari safarbar etilgan.

Qamal to’rt jangari, ikki askar va garovdagi odamlardan uch nafarining o’limi bilan tugagan. Toliblardan biri qo’lga tushgan.

Kecha tushga yaqin harbiy kiyimini kiygan va kuchli qurollangan bir guruh Pokiston armiya bosh idorasiga kirishga urinayotganida otishma boshlanib ketgan. Ularning kimligi ayon bo’lgach, to’qnashuv qonli tus olib, olti zobit va to’rt jangari halok bo’lgan. Qolgan hujumchilar qo’rg’onni egallashga harakat qilib, o’nlab insonlarni garovga olishga muvaffaq bo’lgan.

Ularni ozod etish uchun boshlangan operatsiya bugun ertalabgacha davom etgan.

Pokiston armiya so’zlovchisi Axtar Abbosning aytishicha, garovdagilarning hayotini saqlash asosiy maqsad bo’lgan. “Biz to’rt terrorchini o’ldirdik, birini ushladik, ammo ularning qo’lidagi begunoh mahbuslardan uch nafarini boy berdik”,- deydi general mayor.

Hukumat nazarida hozirda qamoqda o’tirgan jangari yetakchilaridan biri bu hujum rejasini ishlab chiqqan.

Axtar Abbos deydiki, garovdagilarning oldida, biror narsa bo’lsa, o’zini portlatishga tayyor bir jangari turgan. Shu bois, deydi harbiy, juda ehtiyot bo’lib harakat qilingan.

Pokiston hukumatining bildirishicha, Tolibon qanchalik intilmasin, bu davlatda nazoratni qo’lga ola olmaydi. Ular yadro qurollarga yeta olmaydi, deydi rasmiylar.

Vaziyat qaltis ekanini tan olayotgan Amerika va Britaniya ham bunga ishonch bildirgan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Tolibon Afg’oniston bilan chegaradosh mintaqalarda katta zarba yeb, endi Pokistonning markaziy shaharlari tomon yo’nalgan.

“Xavf darajasi yuqori, lekin yadroviy arsenal juda mahkam joyda saqlanadi”,- deydi u, bu boradagi xavotirlarga javob berar ekan.

XS
SM
MD
LG