Breaking News

Afg'onistonda saylovlarning ikkinchi bosqichi o'tkazilishi mumkin


"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, Afg'onistondagi saylovlar bo'yicha shikoyatlarni taftish qiluvchi komissiya prezident Hamid Karzay 20 avgustdagi saylovlarda to'plagan ovozlarning 7 foizini bekor qilishi mumkin. Karzay rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 54 foiz ovoz olgan edi, biroq komissiya millionlab soxtalashtirish hollari haqida shikoya qilgan. Saylovlarning ikkinchi bosqichi o'tkazilsa, Karzay prezidentlik uchun Abdulla Abdulla bilan bellashishga to'g'ri keladi.

Gazetaning ismini oshkor etmagan AQSh rasmiysi ma'lumotiga tayanib aytishicha, Karzay va Abdulla ismlari bitilgan yangi saylov byulletenlari BMTning Kobuldagi idorasiga yetkazilgan.

Komissiya yakuniy qarorini shu hafta oxirigacha e'lon qilishi aytilmoqda. BMTning Afg'onistondagi idorasi vakili Nadim Siddiqning aytishicha, tashkilot har ikki nomzod bilan muntazam aloqada.

"Bu afg'on saylovlari. Natijasi ham afg'onlar qo'lida. Ayni damda ba'zi hisob-kitoblar davom etmoqda," deydi u.

Abdulla Abdulla ikkinchi bosqichga umid qilmoqda.

"Buning uchun infratuzilma tayyor. Biroq bu safar kampaniya boshqacha o'tadi deb o'ylayman," deydi u.

Muxbirlar bilan muloqot qilar ekan Abdulla Karzay bilan hokimiyatni bo'lishish to'g'risida kelishuv borligini rad etgan. Karzay vakili esa koalitsion hukumat bo'lmasligini aytmoqda.

BMT vakili Siddiqning aytishicha, ko'plab qonunbuzarliklarga qaramay saylovlar mamlakat uchun katta qadam.

"Muammolar kam emas. Vaqtdan boy beryapmiz. Imkoniyatlarni to'liq ishga solib, Afg'oniston oldidagi vazifalarni bajarish lozim," deydi u.

XS
SM
MD
LG